Nukus shahridagi Respublika bolalar kutubxonasida 2-aprel – Xalqaro bolalar kitobi kuni hamda “Kitobxonlik haftaligi”ning boshlanishi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.

“Kitob – millatning madaniy va ma’naviy boyligi” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi K.Karimov, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi A.Abdiyev, Respublika bolalar kutubxonasi direktori Z.Seytniyazova va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongi tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishga, ularni ona Vataniga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan tarbiyalashga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi “2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021-yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasi “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilandi. Haftalik davomida “Ochiq eshiklar kuni” kitoblar ko‘rgazmasi, “Bir farzandga uchta kitob”, “Bir haftada bir kitob”, “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyalari tashkil etiladi. Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida oilaviy kitob o‘qish an’anasini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Eng yaxshi kitobxon ustoz”, “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” tanlovlari o‘tkaziladi.

Tadbirda bolajonlar e’tiboriga teatrlashtirilgan musiqiy dastur namoyish etildi. Nukus shahar madaniyat bo‘limi va iqtidorli yoshlar tomonidan milliy raqslar, kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.

Yangi nashr etilgan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

“Kitobxonlik haftaligi” doirasidagi tadbirlar Orolbo‘yining barcha tumanlarida davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari