O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 19-bandida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tomonidan har oyda bir marotaba mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish, uning natijalarini Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida muhokama qilib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilgan.
–Ushbu topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida 49 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etib chiqildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi Xalq qabulxonasi rahbari Umar Saburov.–Ularga belgilab berilgan asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari tahliliga ko‘ra, aholi muammolari uyma-uy o‘rganib chiqilgan. Ammo shu kungacha ma’lumotlarning elektron platformaga kiritilishi, subsidiya va kredit ajratilishi uchun tavsiyalar berilishi monitoring qilinganida, ayrim kamchiliklar ham aniqlandi.
2024-yil yanvar-fevral oylari davomida hokim yordamchilari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 84 nafar fuqaroga 1 milliard 297 million so‘m kredit ajratish bo‘yicha tavsiya berilgan.
Tuman bo‘yicha ehtiyojmand oila vakillariga hamda aholiga bandligini ta’minlash maqsadida subsidiya ajratish, qishloq xo‘jalik yerlarini ijaraga berish orqali aholining bandligini ta’minlash va oilasiga daromad kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.Shu bilan birga, o‘rganish davrida1-sektor hududidagi “Paxtachi”, 4-sektor hududidagi “Ullubog‘” ovul, 2-sektor hududidagi “Bazirgan” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi hokim yordamchilari tomonidan 1 nafar, “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi tomonidan 2 nafar shaxsning kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, qolgan hokim yordamchilari tomonidan ushbu yo‘nalishda ishlar amalga oshirilmagan.
Joriy yilning o‘tgan ikki oyi mobaynida 964 nafar shaxsning bandligi ta’minlangan. Shundan 1-sektor hududidagi “Ko‘na To‘rtko‘l” ovul, “Yangihayot” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi hokim yordamchilari tomonidan 1 nafardan fuqaroning bandligi ta’minlangan, xolos.2-sektor hududidagi “O‘zbekiston” va “Yaxtiliq”, 3-sektor hududidagi “Tozabo‘zyop” hamda 4-sektor hududidagi “To‘rtko‘l” va “Nurli yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inlarida umuman fuqarolarning bandligi ta’minlanmagan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonasiga joriy yil yanvar-fevral oylarida 947 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 453 tasi ijobiy hal etildi. Ushbu davrda aholidan eng ko‘p murojaatlar uy-joy bilan ta’minlash va ta’mirlash, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqa, bandlik va sog‘liqni saqlash masalalarida kelib tushgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining 2-bandiga hamda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 19-bandida asoslanib, mazkur axborotda ko‘rsatilgan holatlarni Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida sektorlar, tegishli tashkilot va muassasa rahbarlari ishtirokida muhokama qilib, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari ish faoliyatini jadallashtirishga, natijadorlikka erishishga hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan zarur choralar belgilash yuzasidan tegishli qaror qabul qilish lozimligi bildirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri