Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bir kun oldin kuzatilgan kuchli shamol oqibatida 19 ta’lim muassasasi, jumladan 11 maktab va 8 bolalar bog‘chasi zarar ko‘rdi, deb yozgan “Kazinform” agentligi.
Poytaxt meriyasi ma’lumotiga ko‘ra, aksar holatda tom qoplamasi ko‘chgan, ba’zi joylarda daraxtlar maktab va bog‘chaga tutash hududga qulagan. Tegishli xizmatlar sinib tushgan shox-shabbani yig‘ishtiryapti. Maxsus komissiya yetkazilgan zarar ko‘lamini belgilaydi.
Ma’lum qilinishicha, tekshiruv poytaxtdagi barcha ta’lim muassasalariga taalluqli. Komissiya ilgari tom yopish ishlari olib borilgan binolar sifatini ham tahlil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda maktab o‘quvchilari 2024-yil 1-aprelga qadar ta’tilga chiqqan, bog‘chalar odatdagi tartibda ishlayapti.
Avvalroq kuchli shamol tufayli Bishkekda favqulodda holat e’lon qilingani aytilgandi.