Nukusda umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasidagi fanlar olimpiadasining IV yakunlovchi bosqichining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari B.Otemuratov, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i A.Hasanov va boshqalar so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladi.

Ta’kidlanganidek, fanlar olimpiadasi o‘zbek tili, matematika, qoraqalpoq tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qozoq tili fanlaridan o‘tkazilmoqda. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 155 o‘quvchi ishtirok etmoqda.

Olimpiada natijalariga ko‘ra, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi “Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan fanidan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball beriladigan imtiyozga ega bo‘ladi. Shuningdek, g‘olib o‘quvchilar va ularning ustozlari belgilangan tartibda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

–Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida fanlar olimpiadasining yakunlovchi bosqichini yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Aybek Dao‘letbayev. –Olimpiada g‘oliblari munosib taqdirlanadi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni ustozlari bilan chet davlatlarga sayohatga yuborish rejalashtirilgan.

Ishtirokchilarning bo‘sh vaqtlarida turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, dastlabki kuni ularning Prezident maktabiga, Nukus yoshlar texnoparkiga sayohati tashkil etildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA muxbirlari