21-mart kuni poytaxtimizdagi “Humo Arena” majmuasida Navro‘z bayrami tantanalari bo‘lib o‘tdi.

Adirlarda, baxmal qirlarda bahor shukuhi kezishi bilan uning ortidan inson ruhiyati va qalbini jo‘sh urdirib, Navro‘zi olam kirib keldi. Bu yilgi yasharish fasli – bahor ham ma’rifatli jamiyat qurishdek ulug‘ maqsadlarga hamohang bo‘lmoqda.

Ko‘ngillar xayrli amallardan bahra olayotgan har bir kunda inson qalbi bayramona zavqdan yashnaydi. Shunga hamohang mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘z bilan bog‘liq an’analar namoyishi, milliy madaniy markazlar ko‘rgazmalari o‘tkazilmoqda.

Tantana ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oldi.

Davlatimiz rahbari barchani Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

– Siz, qadrdonlarimni, ko‘p millatli butun O‘zbekiston xalqini barchamiz sog‘inib kutgan Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Navro‘z falsafasi orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uyg‘un ekanini ta’kidladi.

Xalqimizning olijanob mehnati bilan mamlakatimizda yangi-yangi zamonaviy korxonalar, shinam uy-joylar, ijtimoiy va madaniy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish asosiy mezonga aylanmoqda.

Mamlakatimizdagi do‘stlik va hamjihatlik muhiti, yaxshi qo‘shnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli xalqaro maydonda O‘zbekistonimizning obro‘-e’tibori yuksalmoqda.

Tabiatning yasharish ayyomi bo‘lgan Navro‘z yoshlik bilan ham uyg‘un. Mamlakatimiz yoshlarining kuch-g‘ayrati, ezgu harakatlariga qanot berish maqsadida bu yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Bunga oid Davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion so‘m va 460 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Umuman, joriy yilda barcha turdagi tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 millionga yaqin aholiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi.

Prezident yoshlarimizning xalqaro fan olimpiadalari, madaniyat va san’at festivallari, axborot texnologiyalari va sport yo‘nalishlaridagi yutuqlarini qayd etib, keyingi ishlari va musobaqalarda muvaffaqiyat tiladi.

Navro‘zning o‘lmas ruhi, ayniqsa, mahallalar hayotida yaqqol namoyon.

Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Joylarda “mahalla yettiligi” tizimi samarali faoliyat olib bormoqda.

Manzilli ishlar natijasida so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi. Bunda 900 mingga yaqin aholiga imtiyozli kredit, 200 mingdan ziyod fuqarolarga subsidiya, qariyb 700 ming oilaga esa dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratib berilgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bu yildan boshlab Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yangi tajriba joriy etilmoqda. Uning asosiy mazmuni – tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, tomorqa egalarini zarur vosita va resurslar bilan ta’minlash, ular yetishtirgan mahsulotga bozor topib berish uchun ko‘maklashish, har qaysi oila va mahallada kichik-kichik ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, servis va xizmat turlarini ko‘paytirishdir.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz bo‘yicha 510 ming gektar tomorqa yerlari borligi, bu hali to‘la ishga solinmagan ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. Bu borada faol insonlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, jumladan, tomorqada yetishtiriladigan maxsulotlarni sotib oluvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tadbirkorlarga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant berilishi aytib o‘tildi.

– Mahallani qo‘llab-quvvatlash, uni yanada rivojlantirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Chunki, mahalla – bu mehr va ahillik qo‘rg‘onidir. Mahalla – oqko‘ngil, bunyodkor xalqimiz qalbining ko‘zgusidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bayram tadbirida xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi. Prezidentimiz ularni 21-mart – Xalqaro Navro‘z kuni bilan muborakbod etib, xalqlariga qizg‘in salom va tabriklarini yo‘lladi.

Bu yilgi Navro‘z bayrami fazilatli Ramazon oyida bo‘lib o‘tayotgani uning fayz-u tarovatini yanada ziyoda qilmoqda.

– Mana shu bahoriy lahzalarda barchamiz ulug‘ ajdodlarimizning tilaklariga qo‘shilib, ilohim, har kunimiz Navro‘zdek go‘zal, Navro‘zdek fayzli va mazmunli bo‘lsin, deb niyat qilamiz, – deya so‘zini yakunladi Prezident.

Bayram shodiyonasi katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Tantanadan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Navro‘z saylida bo‘lib, milliy madaniyat markazlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlarini kuzatdi.

– Bu san’at, bu urf-odatlarimiz tarixiy. Ularning zamirida katta madaniyat, ma’rifat bor. Bu yo‘nalishni mahkam tutib, davom ettirayotganingiz uchun rahmat. Bayram milliy qadriyatlarimiz bilan fayzli, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘p millatli xalqimizning to‘yi, bayramlari bir bo‘lib ketgan. Navro‘z ham barcha millat va elat vakillarining sevimli bayramiga aylangan. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv yashab, uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Hududlarda 38 ta do‘stlik jamiyati va 153 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbari shunday markazlarning ko‘rgazmalari va kuy-qo‘shiqlarini ham tomosha qildi. Turli millat vakillari bilan samimiy suhbatlashib, ezgu tilaklarini bildirdi.

Navro‘z sayillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, tuman, qishloq va ovullarda davom etmoqda.

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA muxbiri