Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Toshkent shahridagi sanoat va ijtimoiy soha obyektlari faoliyati, mahalladagi obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, bahorgi daraxt ekish tadbirida ishtirok etdi.
Dastlabki manzil Quyuv-mexanika zavodi bo‘ldi.
Qirq gektardan ziyod maydonli bu zavod bir paytlar to‘liq ishlamay, past rentabelli bo‘lib qolgan edi. Shu bois “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga o‘tkazilib, 2013-yilda modernizatsiya qilindi. So‘nggi yillarda mahalliylashtirish jadal kengayib, uning iqtisodiy samaradorligi yanada oshdi.
Bugun majmua yiliga 1 ming 200 ta yuk vagoni ishlab chiqarish va 1 ming 500 tasini ta’mirlash quvvatiga ega barqaror korxona.
Vagonlar tarkibi ham talabgir. Jumladan, yarim ochiq, usti yopiq, uzun bazali hamda don, sement, mineral o‘g‘it tashishga mo‘ljallangan 6 turdagi yuk vagonlari ishlab chiqarilmoqda.
Metall quyish og‘ir sanoatning eng muhim tarmog‘i, ta’bir joiz bo‘lsa, “yuragi” hisoblanadi. Bu yerda 120 million dollar hisobiga quyuv sexi barpo etilgan. U yiliga 26 ming tonna mahsulotlar tayyorlashga mo‘ljallangan. Bu yerda temir yo‘llar ekspluatatsiyasi va harakat tarkibida ishlatiladigan barcha turdagi ehtiyot qismlar quyiladi.
Davlatimiz rahbari ushbu mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
– Bugungi kundagi eng katta maqsadimiz – ko‘proq ish o‘rinlari yaratish. Masalan, bu yil mamlakatimizda 100 mingta uy qurmoqchimiz. Ular qachon odamlarga ma’qul bo‘ladi? Yonida ish o‘rni bilan bo‘lsa. Shuning uchun, xuddi tomorqalarda bo‘layotganidek, ko‘p qavatli uylar bo‘yicha ham mahallalarda iqtisodiy loyihalar qilinadi. Qaysi xonadonda ishsiz bo‘lsa, bandligiga ko‘maklashiladi. Bunda mana shunday zavodlar muhim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois majmuada shaharsozlik, kommunal va boshqa tarmoqlar uchun ham mahsulotlar ishlab chiqarish, bu imkoniyatlar bilan tadbirkorlarni tanishtirib, buyurtmalarni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi. Bu, o‘z navbatida, turdosh tarmoqlarda ham ish o‘rinlari ochilishiga turtki beradi.
Zavodda yuk vagonlari qurish, mexanika yig‘uv, g‘ildirak yig‘uv, quyuv, ta’mirlash, temirchilik va presslash, tayyorlov va komplektlash kabi 26 ta sex bor. Prezidentimiz majmua bo‘ylab yurib, ulardagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Korxonada 2018-2023-yillarda mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 100 ga yaqin turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. 2023-yilda jami 267 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan, 10 million dollarlik 170 ta vagon va ehtiyot qismlar eksport qilingan. Joriy yilda eksport hajmini 15 million dollarga yetkazish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.
Korxonada xalqaro standartlarga muvofiq ISO 9001 sifat menejmenti va ISO 50001 energetika menejmenti tizimi joriy etilgan.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari poytaxtimizning Sergeli tumanida tashkil etilayotgan Yoshlar bog‘iga ko‘chat o‘tqazdi.
Ma’lumki, Prezident tashabbusi bilan 2021-yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Jumladan, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida Toshkentning “yashil belbog‘i” tashkil etilmoqda. Yoshlar bog‘i shu halqaning muhim bo‘g‘ini bo‘ladi.
Davlatimiz rahbariga bog‘ loyihasi haqida axborot berildi. Uning maydoni 75 gektardan ziyod bo‘lib, hududi jihatidan poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston” bog‘idan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi.
Bog‘ yettita katta hududga bo‘linadi. Markaziy xiyobonda turli maydonlar, ming o‘rinli ochiq amfiteatr, milliy va xalqaro gastronomik zonalar barpo etiladi.
Ochiq havoda ovqatlanish va qiziqarli mashg‘ulotlar uchun alohida joylar bo‘ladi. Musiqiy favvoralar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, san’at ko‘rgazmalari va lazer-shou imkoniyatlari yaratiladi. Bolalar uchun sport va o‘yin maydonlari, mashhur ertaklardagi qishloqlar, ustaxona, kutubxona tashkil etiladi. Sun’iy ko‘l, kanoe va suzish havzasi, baliq ovi dam oluvchilarga huzurbaxsh bo‘ladi.
Shu kuni Toshkent shahri jamoatchiligi, davlat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari, yoshlar ishtirokida bog‘ga ko‘chatlar ekildi.
Prezident bog‘ loyihasida qatnashayotgan investor va loyihachilar, chet ellik diplomatlar bilan muloqot qildi.
– Xalqimiz qayerda bo‘lsa, daraxt ekishga intilgan. Amir Temur Samarqand atrofida so‘lim bog‘lar barpo etgan, boshqa shaharlarni ham obod qilgan. Buyuk bobolarimizga munosib bo‘lib, bu ishlarni qilayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bog‘ga kelgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashib, ularni Navro‘z bilan tabrikladi.
Bog‘ga birinchi bosqichda ming tupdan ziyod kashtan, eman, sharq chinori, qizil kurtak, magnoliya, gujum kabi manzarali daraxtlar hamda buta va gullar ekiladi. Loyiha yakuniga qadar ularning soni 20 ming tupga yetadi.
Yana bir e’tiborli tomoni, bu bog‘da tabiiylik, o‘rmon shakli, ekzotik manzara hosil qilinadi. Bog‘ foydalanishga topshirilishi bilan 350 tadan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Ayni kunlarda ham hududlarda ko‘chatlar ekilmoqda. Umuman, yurtimizda 347 gektar maydonda “yashil hudud”, 187 ta vazirlik va hokimlik bog‘lari barpo etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodini borib ko‘rdi.
Mamlakatimizda temir yo‘l transporti rivojlanib, qatnovlar soni ko‘paymoqda. Bu vagonlarga bo‘lgan talabni ham oshiradi. Mazkur zavodda 16 turdagi yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqariladi va ta’mirlanadi.
O‘tgan yili korxonada 32 ta yo‘lovchi vagoni tayyorlanib, 319 tasi ta’mirlangan. Muhimi, kooperatsiya orqali ehtiyot qismlarning 70 foizi mahalliylashtirilgan.
Umuman, avvalgi yillarda 300 dan ziyod yo‘lovchi va texnik xizmat vagonlari ishlab chiqarilib, 50 dan oshig‘i eksportga yuborilgan. Bundan tashqari, 112 ta metropoliten vagonlari modernizatsiya qilingan.
Ular 28-yil davomida foydalanishga mo‘ljallangan va xalqaro talablarga to‘liq javob beradi, yo‘lovchilar uchun har tomonlama qulay, yuqori sifat va xavfsizlikka ega.
Vagonlarda isitish va sovitish tizimlari, havo aylanishi yanada yaxshilangan. Suv isitish uskunasi ham elektr energiyasida, ham ko‘mirda ishlashga mo‘ljallangan. Yo‘lovchilarni toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, telefon quvvatini to‘ldirish uchun maxsus moslamalar o‘rnatilgan. Bu yerda 619 nafar muhandis-ishchi mehnat qilmoqda.
Prezidentimiz vagonlarga chiqib ko‘rdi. Ularning dizaynini o‘zgartirish, yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish zarurligini ta’kidladi. Elektr poyezdlar tarmog‘ini kengaytirib, aholi ko‘p tumanlarga olib borish, sohaning alohida generatsiya quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Joriy yilda yana yuzlab vagonlarni qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kon-metallurgiya korxonalari uchun maxsus vagonlar qurish, keng kupeli yangi turlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.
Shu yerda zavodda rejalashtirilayotgan yangi yo‘nalish – elektr va metropoliten poyezdlari loyihasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Toshkent – Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladigan tezyurar poyezd haqida axborot berildi. Prezidentimiz bu haqda 2022-yilda Xorazmda Jaloliddin Manguberdi haykalining ochilish marosimida aytgan edi. Bu uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinishi mo‘ljallangan. 7 vagonga ega elektropoyezd 351 ta o‘rindiqqa ega bo‘ladi. Soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlana oladi.
Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Dilbuloq mahallasiga bu yilgi Navro‘z yanada ko‘tarinkilik bilan keldi. Davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy mahalla idorasi qurildi. Ko‘p qavatli uylar yo‘lagi va ichki ko‘chalar, yerto‘lalar ta’mirlandi. Anhor bo‘yi tartibga keltirilib, obod sayilgohga aylantirildi. Ishkomlar, nihollar, piyodalar yo‘laklari mahallaga ko‘rk bag‘ishladi.
O‘tgan yili kuzda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 4 ming tup daraxt va buta ko‘chati o‘tqazilgan edi. Shu kunlarda ko‘p qavatli uylar oldidagi maydonlarga rayhon, namozshomgul kabi gullar ekildi.
Dilbuloq mahallasida 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahalla xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uch yuzga yaqin savdo, sanoat va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda. Maktabgacha ta’lim tashkiloti, oilaviy poliklinika, ixtisoslashtirilgan sport maktabi, pedagogika instituti filiali faoliyat yuritmoqda.
“Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida hududga 360 ta videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan, ular mahalla profilaktika inspektori xizmat xonasiga ulangan.
O‘tgan yili 112 kishi ishga joylashtirilib, 181 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 23 ta loyihaga kredit va o‘nga yaqin fuqaroga subsidiya ajratilgan. Xususan, bu yerda tikuvchilik sexi, go‘zallik saloni, poligrafiya va kompyuter xizmatlari, kutubxona, oziq-ovqat va qandolat do‘konlari tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu majmualarni ko‘zdan kechirdi, mahalla ahli bilan samimiy suhbatlashdi.
– Avvalo, sizlarni ulug‘ ayyom kunlari, kelayotgan Navro‘z bilan tabriklayman. Mahallangizdagi obodlikni, ish joylarini, bayram nafasini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Nima uchun hududlarda ko‘p yuraman? Chunki men odamlarga ishonaman. Hamma mahallalarni shunday o‘zgartirishga harakat qilishimiz kerak. Mamlakatimizda 9 ming 450 ta, Toshkentda 585 ta mahalla bor. Hozir ularga iqtisodiy kompleks tashkilotlarini biriktiradigan tizim qilayapmiz. Maqsadimiz – har bir xonadonga, har bir insonga yetib borish. Xalqning roziligi, duolariga munosib bo‘lish hammamizga nasib etsin, – dedi Prezident.
Shu boradagi manzilli chora-tadbirlar “mahalla yettiligi” va mutasaddilar bilan muloqotda muhokama qilindi.
– Xabaringiz bor, iqtisodiy kompleks tashkilotlarini mahallalarga biriktirayapmiz. Bunda banklarning ham o‘rni bor. Ular orqali tumanlardagi korxonalarga qo‘shimcha sharoit yaratib, yengil kreditlar berib, yana ish o‘rinlari ochishini qo‘llab-quvvatlash kerak. Endi mahallalar ham zamonga munosib, harakatchan bo‘lishi lozim. Umuman, ishlayman degan odamga sharoit yaratib berishimiz shart, – dedi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilar iqtisodiy kompleks faoliyatini mahallalarda tashkil etish, shahar sharoitida odamlarni ish bilan ta’minlash vazifalari to‘g‘risida axborot berdi.
So‘ng davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1-sonli “Muruvvat” internat uyini borib ko‘rdi.
O‘zbekiston – ijtimoiy davlat. Bu xalqimizning azaliy qadriyatlariga, bugungi insonni qadrlash tamoyiliga mos. So‘nggi besh yilda “Muruvvat” uylariga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar 3 barobardan ziyod oshgan. Ulardagi xodimlar va o‘rinlar soni ham ko‘paytirilgan.
Aholiga sifatli xizmat va yordam ko‘rsatish maqsadida o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgan edi. Pansionat, reabilitatsiya markazi kabi ko‘plab ijtimoiy muassasalar qatori “Muruvvat” uylari ham ushbu agentlik tizimiga o‘tkazildi.
O‘tgan yili bunday muassasalar uchun davlat byudjetidan 624 milliard so‘m ajratildi. Shuningdek, ularni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash uchun avvalgiga qaraganda ikki barobardan ortiq mablag‘ berilmoqda.
Ilgari “Muruvvat” uylari o‘rtasida hamkorlik bo‘lmagan. Hozir ular o‘zaro fikr almashib, samarali usullarni, ta’limdagi tajribalarni tatbiq etmoqda.
Davlat g‘amxo‘rligi natijasida Toshkentdagi ushbu “Muruvvat” uyi ham yangi qiyofaga kirdi. Qo‘shimcha bino qurilib, eski binolar kapital ta’mirlandi. Yozgi sport zali, nogironlarni parvarishlash va jismoniy davolash bo‘limlari, tibbiyot va mashg‘ulot xonalari, faollar zali, kutubxona, yotoqxona va oshxona butunlay yangilandi. Har bir bo‘lim, maxsus xonalar talab darajasida jihozlandi. Harakatlanishi qiyin bolalar maxsus aravachalar bilan ta’minlandi.
Muassasada ruhiyatida sezilarli nuqsoni bor 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatiladi. Bugungi kunda 299 nafar o‘g‘il-qiz vasiylikka olingan. Ularga 334 nafar xodim, jumladan, malakali pedagog, defektolog va shifokorlar yordamlashmoqda.
Shavkat Mirziyoyev bolalarning mashg‘ulotlarini birma-bir kuzatdi. Ular bilan suhbatlashib, mehrini izhor qildi. Sharoitlarni yaxshilab, qulayliklar yaratib, nogironligi borlarning iloji boricha hayotda o‘rin topishiga ko‘mak ko‘rsatilishini aytdi.
Prezidentimiz bunda ijtimoiy xizmat xodimlari ishini e’tirof etib, bolalarga mehr-muruvvati uchun minnatdorlik bildirdi.
– Bolalarimizga yaxshi qarayotganingiz uchun katta rahmat sizlarga. Bu og‘ir mehnat, lekin juda savobli va kerakli mehnat, – dedi davlat rahbari.
Bolalarni imkon qadar reabilitatsiya qilish va hayotga moslashtirish, ota-onalarga psixologik yordam berish masalalari bo‘yicha fikr almashildi. So‘nggi yillarda imkoniyat va tizim paydo bo‘lgani, boshqa ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni ham yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.
Endilikda “Muruvvat” uylari zamonaviy reabilitatsiya jihozlari bilan ta’minlanib, o‘z ishini yangi konsepsiya asosida yo‘lga qo‘yadi. Unga ko‘ra, bolalar individual rivojlanish dasturlari asosida jamiyatga integratsiya qilinadi. Barcha “Muruvvat” uylarida uchrashuv xonalari tashkil etiladi.
Shuningdek, “Qo‘llab-quvvatlash klublari” tuzilib, malakali mutaxassislar vasiylarga nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlash, oila sharoitida tarbiyalash va jamiyatga moslashtirish bo‘yicha bilimlar beradi. Alohida ta’limga tavsiya berilmagan, og‘ir darajadagi kasalliklari mavjud bolalar uchun “G‘amxo‘rlik guruhi” tashkil etiladi. Barcha hududiy reabilitatsiya markazlarida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun shunday xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Muassasaning qozonxonasi va muhandislik tarmoqlari ham to‘liq yangilangan. Hududga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, tashqi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan, yo‘laklar asfaltlangan.
Muborak Ramazon oyida bemorlar holidan xabar olish, insonlarga yanada mehr-e’tibor ko‘rsatish xalqimizning ezgu qadriyatidir.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari