Qirg‘izistonda yog‘och va yog‘och mahsulotlarini Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga qo‘yilgan vaqtincha taqiq olti oyga uzaytirildi, deb xabar berdi “Kazinform” agentligi.
Qirg‘iz Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vazirligi zimmasiga vaqtincha taqiq kiritilgani to‘g‘risida Jahon savdo tashkiloti va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasini belgilangan tartibda xabardor qilish vazifasi yuklatildi.
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat bojxona xizmati va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati tomonidan tovarlar noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘yish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Qirg‘iziston vaqti-vaqti bilan Rossiya Federatsiyasidan olib kelinayotgan yog‘ochning uchinchi davlatlarga boj to‘lamasdan olib o‘tilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida muayyan tovarlarni Qirg‘iziston Respublikasidan EOII bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga olti oy muddatli taqiq kiritadi. Ushbu chora Yevrosiyo Hukumatlararo kengashining EOIIga a’zo davlatlar tomonidan bir qator tovar obyektlariga nisbatan eksportni tartibga solish chorasini qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmasini bajarish maqsadida qabul qilinadi.