Qozog‘iston O‘zbekiston bilan yuk tashishni soddalashtiradi

O‘zbekiston bilan ruxsatnoma berish tizimini yanada soddalashtirish maqsadida Qozog‘iston Respublikasi transport, moliya va raqamli rivojlanish, innovatsiya va aerokosmik sanoat vazirlari qo‘shma buyrug‘i loyihasi ishlab chiqildi.
Bu haqda Qozog‘iston Transport vazirligi ma’lum qilgan.
Tajriba loyihasi 2024-yil apreldan boshlab “Atameken”, B.Qo‘nisboyev, “Qozigurt”, Qoplonbek” va “Tojen” nazorat-o‘tkazish manzillarida elektron shaklda “uchinchi mamlakatlarga” turidagi ruxsatnoma berishni nazarda tutadi.
Mahalliy tashuvchilarga elektron ruxsatnoma berish uchun ariza qabul qilish Qozog‘iston Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasining hududiy bo‘limlari tomonidan “CarGoRuqsat” avtomatlashtirilgan elektron navbat tizimi orqali amalga oshiriladi.
Ushbu mexanizm vijdonli tashuvchilarga O‘zbekiston bilan yuk tashishni soddalashtirish, navbatda turgan joy bilan chayqovchilik qilish va ruxsatnoma qog‘ozini uchinchi shaxsga topshirishni bartaraf etish imkonini beradi.
Qozog‘iston orqali yurtimizga kiruvchi mahalliy tashuvchilar o‘tkazish manzillarida O‘zbekiston ruxsatnomasini elektron shaklda oladi.
Qo‘shni davlat hududidan o‘tmasdan respublikaga kiruvchi mahalliy tashuvchilar O‘zbekiston Respublikasida xalqaro avtomobil tashuvida ruxsat berish tizimini qo‘llash qoidasi talabiga muvofiq, “Elektron hukumat” portali orqali ruxsatnoma olishi mumkin.
Bugungi kunga qadar tegishli davlat idoralari bilan buyruq loyihasi kelishib olindi.
G.Sattorova, O‘zA