Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 17-martdagi qaroriga asosan qarzdor Amudaryo tumanidagi “AMUDARYOTEX” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi “Yakubboy Ashirov” fermer xo‘jaligining foydasiga jami 1 milliard 19 million 499 ming 446 so‘m undirish belgilangan.
Ushbu qarorga asosan chiqarilgan ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Amudaryo tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va bo‘lim xodimlari tomonidan ijro harakatiga kirishilgan. Jumladan, ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida qarzdor “AMUDARYOTEX” mas’uliyati cheklangan jamiyatning bank hisob raqamiga elektron inkasso qo‘yildi va qarzdorga tegishli avtotransport vositasi va 5 ta ko‘chmas mulkiga band solindi.
Shuning natijasida undirilish lozim bo‘lgan 1 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik joriy yilning 21-fevral kuni to‘lig‘i bilan undirilib, ushbu pul mablag‘i “Yakubboy Ashirov” fermer xo‘jaligining hisob raqamiga o‘tkazib berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri