O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanib, sayqal topib kelmoqda.

Ayniqsa, bugun, jamiyatimizda inson qadri yuksalib, bebaho boyligimiz – yerimiz, suvimiz va tabiatimizga, shu boradagi necha ming yillik an’analarimizga e’tibor kuchayib borayotgan Yangi O‘zbekiston sharoitida bu bayramning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati yanada ortib bormoqda.

Dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan hozirgi tahlikali davrda Navro‘zning buyuk insonparvarlik mohiyati, o‘lmas g‘oyalari, odamzotni tinchlik va do‘stlikni qadrlab, o‘zaro ahillik va hamjihatlikda yashashga, hayotni yanada go‘zal va obod qilishga undaydigan bunyodkorlik ruhi va falsafasi yer yuzidagi turli xalqlarning olijanob intilishlariga ham g‘oyat uyg‘un va hamohangdir.

Ana shunday noyob fazilatlari bilan bugun ham ezgulik va taraqqiyotga xizmat qilayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida e’tirof etilgan Navro‘zi olamning beqiyos ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu ayyomni yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlarga mos holda, har tomonlama yuksak saviyada o‘tkazish maqsadida:

1. 2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlansin.

2. 2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tuzilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) bir hafta muddatda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash bo‘yicha tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturini tasdiqlasin, shuningdek, uning amalga oshirilishini ta’minlasin.

3. Joylarda Navro‘z umumxalq bayramining barcha tadbirlarini milliy qadriyat va an’analarimiz hamda zamonaviy tajribalar asosida yuqori saviyada, ommaviy sayillar shaklida tashkil etish, ularda xalqimizning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

bayram tadbirlarini bahor ayyomida borliqning uyg‘onishi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tiborni aks ettiradigan, yurtdoshlarimizni bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga undaydigan ma’no-mazmun bilan ta’sirchan usullarda o‘tkazish;

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar Navro‘zning azaliy qadriyat va an’analariga hamohang ekanini namoyon etish;

Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish;

bu yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun dasturxonlar tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini amalga oshirish;

“Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, Navro‘z bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini o‘tkazish;

jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan loyiha va aksiyalar uyushtirish, yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining Navro‘z bayramining ruhi va falsafasiga uyg‘un bo‘lgan urf-odat, an’ana va qadriyatlarini keng namoyish etish;

bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish, kitob ko‘rgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, ko‘chma savdo do‘konlarini tashkil etish, ko‘klam taomlarini tayyorlash hamda ularning ko‘rgazma-savdolari va tanlovlarini uyushtirish;

barcha shahar va qishloqlarda o‘tkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, har bir hududdagi uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odat va an’analarni keng yoritish.

4. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov):

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (O.Hasanov), Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;

mazkur konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillari bilan birgalikda, yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

a) bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Navro‘z umumxalq sayillarini o‘tkazish bo‘yicha hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

umumxalq sayillari uyushtiriladigan asosiy maydonlar, ko‘cha va xiyobonlarni milliy uslubda bayramona bezatish;

umumxalq sayillariga mahalliy folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, sirk san’ati vakillari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarini belgilangan tartibda keng jalb etish;

bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos bo‘lgan xalq o‘yinlari, tomoshalar, ko‘rgazmalar o‘tkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil etish;

b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, ko‘chalar, maydon va xiyobonlarni bezatishda malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;

v) barcha tadbirlar jamoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazilishini ta’minlasin.

6. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

Toshkent shahrida – respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q.Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                               Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2024-yil 4-mart