O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Nukus shahridagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda voqelikni xolis yoritish: bugungi holat, tahlil, taklif va tavsiyalar” mavzusida mintaqaviy konferensiya o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘istondagi ommaviy axborot vositalari xodimlari, jumladan, ustoz jurnalistlar, internet nashrlari mas’ullari va muxbirlari, blogerlar, hokimliklar axborot xizmati rahbarlari, shuningdek, Toshkent shahri va Xorazm viloyatidan kelgan media tuzilma hamda jamoatchilik vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Qoraqalpoq davlat universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Saxabatdin Alauatdinov olib borgan konferensiyada O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Qoraqalpog‘istonda aholiga qulaylik yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, mamlakatimizda milliy jurnalistikani rivojlantirish bo‘yicha hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar samaralari, ayni kunda soha vakillari oldida turgan dolzarb vazifalar xususida so‘z yuritdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda dezinformatsiya va misinformatsiya masalasi: ularga qarshi qanday kurashish mumkin?». Ushbu mavzu bo‘yicha “Yangi media ta’lim markazi” direktori, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov ma’ruza qildi. U zamonaviy ko‘rgazmali vositalar orqali dezinformatsiya va misinformatsiya atamalariga izoh berdi. Ma’lum qilinganidek, Misinformatsiya – yolg‘on, to‘liq va aniq bo‘lmagan, soxta axborot, ammo zarar yetkazishga qaratilmagan xabar; dezinformatsiya esa – biror shaxs, ijtimoiy guruh, ma’lum bir tashkilotga, mintaqaga, mamlakatga qasddan zarar yetkazuvchi yolg‘on axborot.
Anjumanda internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish jadal rivojlanayotgan hozirgi zamonda dezinformatsiya va misinformatsiya masalasi kun tartibiga chiqqanligi, ularga qarshi samarali kurashish yo‘llari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Konferensiyada “Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasi bosh muharriri Nazira Matyoqubova joylarda bo‘layotgan voqea-hodisalarni xolis-haqqoniy, adolatli yoritish, matbuot va so‘z erkinligi, kasb etikasi talablariga rioya qilish masalalari, so‘z mas’uliyati, sohamiz oldida turgan mavjud kamchiliklar va ularning yechimlari haqida ma’ruza qildi.
Erkin muloqot tarzida o‘tgan tadbirda Qoraqalpoq davlat universitetidan — filologiya fanlari doktori, dotsent Ziyada Kojikbayeva, filologiya fanlari doktori, dotsent Tamara Masharipova, Qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakulteti talabalari Sitora Axmetova, Najimatdin Allasugurov va boshqalar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tavsiyalarini bildirdi.
N.Usmonova, O‘zA