Toshkentda “Qurilish – UzBuild 2024″ xalqaro ko‘rgazmasi ochildi (+video)

175

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida “Qurilish – UzBuild 2024″ xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda 19 mamlakatdan 450 dan ortiq kompaniya o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda.

Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida qayd etilganidek, mazkur xalqaro tadbir mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilarni bir maqsadga birlashtiradi. Shuningdek, ko‘rgazma ularni muloqot qilishga, bir-birining faoliyati bilan tanishishga va hamkorlikka undashga xizmat qiladi.

Poytaxtimizda 25-marotaba o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazma sohadagi eng ilg‘or yutuqlar, zamonaviy texnologiyalar, qurilish materiallari, santexnika va kommunikatsiyalardan tortib, mebel va maishiy texnikagacha bo‘lgan turli xil mahsulotlar namoyishini o‘zida jamlagani bilan ahamiyatlidir. Unda xorijiy ishtirokchilar ulushi 81 foizni tashkil etsa, mahalliy kompaniyalar stendlaridan esa qurilish va pardozlash materiallari sektorlari mahsulotlari, derazalar, eshiklar, fasadlar, sement va beton buyumlar, qurilish aralashmalari, metallurgiya mahsulotlari, izolyatsion materiallar kabi mahsulotlar o‘rin olgan.

Ko‘rgazma bilan tanishish chog‘ida ishtirokchilarning ayrimlari bilan suhbatda bo‘ldik.

– “Ytong“ zavodimiz 2022-yilda o‘z faoliyatini boshlagan va unda avtoklav gazobetonlari ishlab chiqariladi. Yutug‘imiz shuki, qisqa vaqt mobaynida o‘z mijozlarimizga ega bo‘ldik. Hozirgi kunda nafaqat O‘zbekiston hududiga, balki qo‘shni davlatlarga ham mahsulotlarimizni eksport qilyapmiz. Ta’kidlash kerakki, “Ytong“ Germaniya brendi hisoblanadi va unga 1929-yilda asos solingan. Ikkinchi bor qatnashayotgan ko‘rgazmadan umidimiz katta, – dedi Toshkent shahridagi ”Ytong“ gazoblok zavodi savdo bo‘limi xodimi Shamsiddin Mahkamov.

– Yurtingizda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etyapmiz, –dedi Turkiyaning “Albond“ kompaniyasi savdo menejeri Gulum Fatma Bindebir. – Maqsadimiz esa hamkorlar bilan shartnomalar tuzishdir. Korxonamizda asosan alyuminiy kompozit panellar ishlab chiqariladi. Mahsulotlarimiz sifati oliy darajada va bizni ko‘proq Yevropa bozorida yaxshi bilishadi. O‘zbekistonlik hamkorlar bilan ham ko‘p yillar ishlash niyatida yurtingizga keldik.

Ko‘rgazma doirasida Qurilish sanoati xalqaro anjumani ham bo‘lib o‘tmoqda. Unda Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklarining 20 dan ortiq mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA