Tramp: Prezident bo‘lsam, chegaralarni yopaman!
AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp “Truth Social” nashrida agar prezident saylovida g‘alaba qilsa, zudlik bilan AQSH chegaralarini yopish, migrantlar kirishini taqiqlash hamda birinchi kundanoq noqonuniy migrantlar va jinoyatchilarni deportatsiya qilish amaliyotini boshlashga va’da berdi.
Noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq vaziyat janubiy shtatlar va federal hukumat o‘rtasida bir necha yildan buyon bahs-munozaraga sabab bo‘lib kelmoqda. Eng keskin vaziyat Texas shtatida kuzatilmoqda.
Eron boyitilgan uran zaxirasini 60 foiz qisqartirdi
“Reuters” agentligi MAGATE hisobotiga tayanib yozishicha, Eron boyitilgan uran zaxirasini 60 foiz kamaytirgan. E’tiborlisi, qariyb qurol sifati darajasigacha boyitilgan modda, nazariy jihatdan, atom bombasiga aylanish arafasida zararsizlantirilgan.
2-fevralda MAGATE bosh direktori Rafael Grossi Eron yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarishni keskin kamaytirganini ma’lum qilgandi. Agar 90 foizgacha boyitilsa, urandan yadro quroli yaratish maqsadida foydalansa bo‘ladi.
Armaniston TIV rahbari amaliy tashrif bilan Turkiyaga boradi
Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan 1-mart kuni Antaliyada o‘tadigan diplomatiya anjumanida ishtirok etish uchun Turkiyaga boradi.
Senegalda umumiy avf e’lon qilinishi mumkin
Milliy yarashuv ruhida parlamentga umumiy avf to‘g‘risidagi qonun loyihasi taqdim etilmoqda. Mamlakatda saylov kunini belgilash bo‘yicha umummilliy muloqot ochilishida shu haqda aytildi.
O‘tgan hafta hukumat qarori bilan mamlakat qamoqxonalaridan muxolif partiyalar va jamoatchilik guruhlarining 300 dan ziyod vakili qo‘yib yuborildi. Mahbuslar shartli ravishda ozod qilinmoqda, ya’ni muayyan holatlarda ular qayta ushlanishi mumkin.
Saylovda muxolifat g‘alaba qozonsa, JAR BRIKSni tark etadi
Janubiy Afrika Respublikasida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida muxolifat vakili g‘alaba qozonsa, mamlakat tashqi siyosiy yo‘lini o‘zgartirib, BRIKSdan chiqishi mumkin, dedi Rossiyadagi elchi Mzuvukile Jeff Maketuka TASS agentligiga bergan intervyusida.
“JAR BRIKS tashkilotidan xuddi Argentinaga o‘xshab chiqib ketadi”, – dedi u. Diplomat ta’kidlashicha, muxolif kuchlar Rossiyaga nisbatan salbiy fikrda.
SHHT missiyasi Belarusda saylov shaffof o‘tganini e’tirof etdi
SHHT bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilot missiyasi rahbari Nurlan Yermekbayev ta’kidlashicha, Belarusdagi parlament saylovi qonunchilikka, xalqaro majburiyatlarga muvofiq o‘tgan.
“Missiya saylovni shaffof, ishonchli va demokratik tamoyilga amal qilingan holda o‘tkazilganini e’tirof etadi”, – dedi Yermekbayev saylov yakuni bo‘yicha bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Ozarbayjonning Armanistonga hududiy da’vosi yo‘q
Prezident Ilhom Aliyev bayonot berishicha, Ozarbayjon tomonining Armaniston hududiga da’vosi yo‘q, biroq Yerevan ham Bokuga nisbatan hududiy da’vo qilmasligi kerak.
– Armaniston shuni bilib qo‘yishi kerak-ki, yagona yo‘l Ozarbayjonning barcha shartlariga rozi bo‘lish va hududiy da’vodan voz kechish, – dedi Aliyev Xojalida jamoatchilik vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda. – Bizning Armanistonga hududiy da’vomiz yo‘q.
Isroil Kiyevga raketa zarbasidan erta ogoh etuvchi
tizim berishi mumkin
Isroil Ukrainaga raketa zarbaci va dron hujumidan erta ogohlantiruvchi tizim berish ustida ish olib boryapti, dedi Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan.
Elchi BMT Bosh Assambleyasi majlisida so‘zga chiqib, shunday dedi:
– Isroil Ukrainaga aholini raketa va dron zarbasidan himoya qilish uchun oldindan ogohlantiruvchi tizimni taqdim etadi. Biz bu sohada tadqiqotni rivojlantirishga majbur bo‘lganmiz va salohiyatimizni ukrainalik do‘stlar bilan baham ko‘rish istagidamiz.
Xitoydan eng ko‘p investitsiya olayotgan uch davlat nomi ma’lum qilindi
Yevroosiyo taraqqiyot banki (EOTB) so‘nggi yetti yilda mintaqada Xitoydan eng ko‘p investitsiya olayotgan davlatlar Qozog‘iston, RF va Turkmaniston ekanini ma’lum qildi. Jami sarmoyaning 52 foizi Qozog‘iston ulushiga to‘g‘ri kelib, 41,9 milliard dollarni tashkil etgan. Xitoyd RFga 19,7 milliard dollar, Turkmanistonga 9,4 milliard dollar sarmoya kiritgan.
Eron yer yuzidagi bor yadro qurolini yo‘q qilish tarafdori
– Eron insoniyat uchun juda kuchli tahdid tug‘dirayotgan sayyoramizdagi barcha yadro qurollaridan voz kechishni talab qiladi, – deya bayonot berdi Eron TIV rahbari Husayn Amir Abdullohiyon Jenevada Inson huquqlari bo‘yicha BMT Kengashi 55-sessiyasida so‘zga chiqib.
Yevroparlament Ukrainaga 50 milliard yevro yordamni ma’qulladi
Yevropa deputatlari ko‘pchilik ovoz bilan Ukraina uchun 50 milliard yevroga teng yangi yordam fondi tashkil etilishini ma’qulladi.
2027-yilgacha mo‘ljallangan jamg‘armaning bir necha sharti bor: moliyalashtirish har yili muhokama qilib boriladi, ikki yildan keyin esa qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA