Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 fevral kuni aviatsiya sohasidagi davlat korxonalari transformatsiyasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda aviatsiya xizmatlari bozorida xususiy sektorga keng yo‘l ochildi. Aviakompaniyalar soni 15 taga, jumladan, xususiylari 10 taga yetdi. O‘tgan yilning o‘zida 28 ta yangi samolyot olib kelindi. Bularning natijasida oxirgi yetti yilda reyslar 2 barobar ko‘paygan. Samarqand aeroporti xususiy sheriklikka berilgani hisobiga yo‘lovchi oqimi 4 karra oshib, 1 millionga yetgan.
Shunga qaramasdan, o‘tgan yili aviatsiya xizmatlari hajmi bor-yo‘g‘i 11,6 foiz o‘sgan. Mamlakatimiz strategiyasida 2030 yilga qadar aviaqatnovlar sonini 4 karra oshirish rejalashtirilgan. Unga erishish uchun sohada yillik o‘sish sur’atlari 20 foizdan kam bo‘lmasligi kerak.
Bu infratuzilma, boshqaruv, narx va sifat borasida tizimli ishlarni talab etadi. Yurtimizda avia chiptalar narxi nisbatan qimmat. Ham hududiy, ham xorijiy reyslar soni talabga qaraganda kam. Parvozlarning asosiy qismi haligacha Toshkent va Samarqand aeroportlariga to‘g‘ri keladi. Aeroportlarda havo kemalari va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari cheklangan, qo‘shimcha xizmatlardan daromad jami tushumning bor-yo‘g‘i 7 foizini tashkil qiladi. Toshkent, Navoiy, Namangan aeroportlari tranzit salohiyati to‘liq ishga solinmayapti.
Taqdimotda “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airrorts” aksiyadorlik jamiyatlarida transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish, xizmat turlari va daromadni ko‘paytirish bo‘yicha joriy yilgi rejalar bayon qilindi.
Xususan, milliy aviakompaniyaga xalqaro kredit reytingini olib, uni “IPO”ga chiqarish jarayoni boshlanadi. Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlari xususiy boshqaruvga berilib, modernizatsiya qilinadi. Joriy yilda reyslar soni 20 foizga oshiriladi.
Sohada xarajatlarni 20 foizga qisqartirish choralari ko‘riladi. Yoqilg‘i sarfi yuqori bo‘lgan eski samolyotlar sotilib, zamonaviy va tejamkor havo kemalari olib kelinadi. 72 ta yo‘nalish bo‘yicha optimal parvozlar marshrutini tanlash orqali yoqilg‘i sarfi sezilarli kamaytiriladi. Foydalanilmayotgan va daromad keltirmayotgan aktivlar sotuvga chiqariladi.
Mutasaddilarga xarajatlarni qisqartirish dasturini tasdiqlab, xizmatlar raqobatdoshligini oshirish, xususiy sheriklik loyihalarini tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Aeroportlarda qo‘shimcha xizmatlarni ko‘paytirish, Navoiy aeroportida samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatishni rivojlantirib, uning salohiyatini to‘liq ishga solish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat aviakompaniyalariga xorijiy malakali mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, kadrlar tayyorlashni yaxshilash masalalari ham aytib o‘tildi.