Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga Rossiya prezidenti Vladimir Putin avtomobil sovg‘a qildi, deya xabar bermoqda davlat matbuoti.

Rossiyada ishlab chiqarilgan avtomobil Kimning singlisi Kim Yo Chenga yetkazib berilgan. Avtomobil marka va modeli haqida ma’lumot berilmagan.

Kim Yo Chen akasining minnatdorchiligini Rossiya tomoniga yetkazar ekan, ushbu sovg‘a davlat rahbarlarining shaxsiy munosabatlari yuqori darajada ekanligini bildirgan.

Kimning “Mercedes-Maybach S600”, “Rolls-Royce Phantom” va “Lexus LX 570” da sayohat qilganidan ma’lumki u mashinalarga qiziqadi. Shimoliy Koreya rahbari o‘tgan yilning sentyabr oyida Rossiyaga tashrif chog‘ida Putinning “Aurus Senat limuzin” iga havas qilgan edi.

Ikki mamlakat rahbarlari munosabatlari Rossiya-Ukraina nizolari boshlangach yanada yaqinlasha boshladi. Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchisi Janubiy Koreya Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi harbiy hamkorlik kuchayib borayotganidan xavotir bildirib keladi.

Sardorbek Poyonov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA