Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-16 fevral kunlari Andijon viloyatida bo‘ldi.

Tashrifning ikkinchi kuni Xonobod shahridagi Yangi hayot mahallasi hayoti bilan tanishishdan boshlandi.

Xonobod mamlakatimizning eng sharqiy hududi. Chegarada joylashgani sababli ilgari yopiq shahar edi. Oxirgi yillardagi o‘zgarishlar, yaxshi qo‘shnichilik siyosati natijasida Xonobod yanada obod va ko‘rkamlashdi. Uning iqtisodiyoti ancha sog‘lomlashib, aholi turmush darajasi yuksala boshladi. Bugun bu yerda turizm, sanoat, meva-sabzavotchilik va xizmatlar rivojlanmoqda.

Yangi hayot mahallasi faollari davlatimiz rahbariga odamlarning turmush tarzi haqida so‘zlab berdi.

Bu mahallada 3 ming 500 dan ortiq aholi yashaydi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab va kollejlarda sifatli ta’lim uchun sharoitlar bor. Tog‘ yonbag‘ridagi dam olish maskanlari, ishlab chiqarish korxonalari va tomorqa xo‘jaliklarida aholi ish bilan band.

Bundan tashqari, o‘ndan ortiq uy mehmonxonasi, yigirmaga yaqin savdo do‘koni, sartaroshxona, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yilda mahalladagi yuz nafardan ortiq ishsiz aholi doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi. Yana 181 fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi farmoniga muvofiq, mahalla institutining jamiyatimizda va aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatidagi roli oshirildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimidan iborat «mahalla yettiligi» tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari ushbu tizim vakillari bilan suhbatlashdi.

– Biz birinchi kundan xalq bilan muloqot, xalqni rozi qilishga kirishganmiz. Shuning uchun mahalla tizimini birinchi bo‘g‘in sifatida rivojlantirayapmiz. Mahalla – fuqarolik jamiyatining asosi. Bu xalqning dardi, ovozi, degani. Mahalladagi davlat vakillari berilgan vakolat va mablag‘lardan foydalanib, dunyoqarashini o‘zgartirib, odamlarni rozi qilishi kerak. Ishonamanki, Yangi hayot mahallasi O‘zbekistonga namuna bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mahalla guzari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ham ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari Xonobod shahri Yangi hayot mahallasida yashovchi Salohiddin Usmonov xonadonida mehmon bo‘ldi.

Oila boshlig‘i rafiqasi Ziyoda opa bilan ikki farzandni voyaga yetkazgan. Hovli obod. Uy zamonaviy qiyofaga ega, tomiga quyosh panellari o‘rnatilgan. Shuningdek, energiya tejamkor alohida isitish tizimi barpo etilgan.

So‘nggi yillarda Xonobodda turizm rivojlanmoqda. Infratuzilma yaxshilanib, sayyohlar jalb etilmoqda. Bu imkoniyatlardan foydalanib, xonadonda uy mehmonxonasi tashkil etilgan.

S.Usmonov qishloq xo‘jaligi mutaxassisi. Ular qo‘ziqorin yetishtirish bilan ham shug‘ullanadi.

Prezidentimiz bunday omilkorlikni ma’qullab, boshqa joylarda ham qo‘llash muhimligini ta’kidladi.

– Har bir mahallaning o‘z imkoniyatlari, an’analari, odamlarning xohish-istaklari bor. Mahalla uyushmasi va iqtisodiy kompleks vakillari ularni aniqlab, qo‘llab-quvvatlasa, aholini band qilish, daromad manbai yaratish mumkin. Shuning uchun hamma mas’ullarni quyi bo‘g‘inga tushirib, hududlarni mahallabay rivojlantirishga e’tibor qaratayapmiz, – dedi Prezident.

Shundan so‘ng Xonobod shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Andijon viloyatida sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, turizm va ijtimoiy sohalar yuksalmoqda. Shu bilan birga, hali foydalanilmagan imkoniyatlar ham ko‘p.

Yig‘ilishda shunday imkoniyatlar ko‘rsatilib, ularni ishga solish bo‘yicha choralar va mas’ullar belgilandi.

Bu yil Andijonda 190 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilib, 7 mingta oila yangi xonadon bilan ta’minlanishi, Asaka tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etilishi qayd etildi.

Mahallalarni obod qilish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Andijon tajribasi yaratiladi. Ularni meva-sabzavot, chorvachilik, hunarmandchilik, kasanachilik, sanoat, savdo va xizmatga chuqur ixtisoslashtirish bo‘yicha dastur amalga oshiriladi. Bu maqsadlarga 850 milliard so‘m kredit resurslari va 50 milliard so‘m subsidiya ajratiladi.

Transport xizmatlarini yaxshilash maqsadida Xonoboddan Asakagacha poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish, Andijondan yurtimizning boshqa shaharlariga poyezd va avtobus qatnovini ko‘paytirish rejalashtirildi. Shuningdek, kichik va mikro GESlar qurish, elektr tarmoqlari va yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Viloyatda ishsizlik darajasi 7 foizga tushgan. Aholining tadbirkorlikdan olayotgan daromadi 1,5 baravarga oshgan. 225 ming aholi o‘zini o‘zi band qilgan.

Lekin hali 400 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash zarur. Shu maqsadda ular kasb-hunarga o‘qitiladi, imtiyozli kreditlar berilib, tadbirkorlikka jalb etiladi. Xitoy tajribasi asosida mahallalar chetida issiqxonalar tashkil etilib, ehtiyojmand oilalarga bo‘lib beriladi. Yoshlar axborot texnologiyalari va xorijiy tillarga qo‘shimcha o‘qitiladi.

Andijonda avtomobilsozlik sohasida 12 ta yirik va 160 dan ortiq mahalliy korxona bor. Ularda 17 ming aholi band. Buni yanada oshirish uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni kooperatsiya asosida mahallalarda ishlab chiqarish kengaytiriladi. Buloqboshida keramik plita, Marhamat va Baliqchida chinni buyumlar korxonalari tashkil etiladi.

Viloyatda ip-kalavani qayta ishlash darajasini 100 foizga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi. Bu yil 150 million dollarlik bo‘yash va tayyor kiyim ishlab chiqarish loyihalari yakunlanib, 6 mingta ish o‘rni yaratiladi. To‘qimachilik korxonalariga Italiyadan dizaynerlar olib kelinadi. Shuningdek, Oltinko‘l tumanida mebelsozlik kompleksi barpo etiladi.

Murakkab tarkibli dori va tibbiy buyum ishlab chiqarish bo‘yicha 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Oliy ta’lim muassasasi bilan birga farmatsevtika klasteri tashkil qilinadi.

Andijon viloyati bilan Xitoy ishbilarmonlari o‘rtasida 3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Uning 1 milliard dollarini shu yilning o‘zida jalb etish mumkin. Shu maqsadda Andijon tumanida 218 gektarda “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi tashkil qilinadi. Investorlarga erkin iqtisodiy zonalar uchun belgilangan barcha soliq va bojxona imtiyozlari beriladi. Shuningdek, sanoat zonalardagi bo‘sh yerlarga 300 million dollarlik loyihalar joylashtiriladi.

Mutasaddilar joriy yilda 2,5 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 45 mingta ish o‘rni yaratish, 1 milliard dollar eksport ta’minlash rejalarini bayon qildi.

Zamonaviy mehmonxonalar va turizm markazlarini barpo etilib, 20 ming kishining bandligini ta’minlash imkoni borligi aytildi.

Qishloq xo‘jaligidagi asosiy vazifa hosildorlikni oshirish, eksportni ko‘paytirish va sanoatlashtirish bo‘ladi. Shu maqsadda paxtachilikda 80 sentnergacha hosil beradigan, tola chiqimi 45 foizgacha bo‘lgan Xitoy navi ekiladi. 10 ming gektarda tomchilatib sug‘orish joriy qilinib, yana 20 ming gektar yer lazer usulida tekislanadi. “Tuyamo‘yin”, “Miyan”, “Chinobodsoy”, “Qadim”, “Qatortol”, “Paxtaobod” kanallari betonlanadi.

Meva-sabzavot yetishtirish uchun oilaviy tadbirkorlik doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi, qurilmalar xarid qilishga subsidiya beriladi, serdaromad ekinlar urug‘i va ko‘chati xarajatining 30 foizi qoplanadi.

Oziq-ovqat sanoatiga xorijiy brendlar jalb etiladi.  Andijon tumanida yirik agrologistika markazi quriladi. Daryo va zovurlar, ularning atrofi tadbirkorlarga ijaraga berilib, parranda va baliq boqish yo‘lga qo‘yiladi. Marhamatdagi pillachilik klasteri Andijonning hamma tumanlariga namuna bo‘ldi. Yo‘l bo‘ylari, dala, bog‘ va tok chetlari aholiga bo‘lib berilib, 20 million tut ekiladi.

Ijtimoiy sohalar tahlil qilinar ekan, avvalo, maktab ta’limi sifatini oshirishga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 10-11 sinf o‘quvchilariga aniq, tabiiy va chet tili fanlaridan birini chuqur o‘rganish yoki ishchi va IT kasblarga o‘qish imkoni yaratiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etilib, amaliy mashg‘ulotni tadbirkorlar o‘tkazadi.

Asaka agrotexnologiya texnikumi bilan Andijon qishloq xo‘jaligi instituti o‘rtasida “2+2” dasturi joriy qilinadi.  Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida boshqaruv va o‘qitish metodikalari yangilanadi.

Viloyat shifoxonalarini rivojlantirib, kardio, endo va mikroxirurgiya yo‘nalishida tibbiy xizmatlar eksportini 2 barobar oshirish mumkinligi qayd etildi. Andijon shahridagi bir-biriga yaqin joylashgan 8 ta shifoxonani klaster usulida birlashtirish, Tibbiyot instituti klinikasi negizida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Prezidentimiz yig‘ilish ulug‘ shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan kunlarda bo‘lib o‘tayotganiga e’tibor qaratib, ushbu sana munosabati bilan andijonliklarni tabrikladi. Andijon shahridagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i yangi g‘oyaviy konsepsiya asosida qayta qurilishi ma’lum qilindi.

Davlatimiz rahbari Andijon shahridagi san’at maktabiga o‘zbek qo‘shiqchiligiga beqiyos hissa qo‘shgan, O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev nomini berishni taklif qildi. U Musiqa va san’at kollejiga aylantirilib, grant asosida yangi iste’dod egalari tarbiyalanadi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar hamda tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini eshitdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Faxriddin UBAYDULLAEV,

O‘zA muxbirlari