O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Tashrif davomida qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston – Xitoy tashqi savdo aylanmasi 2022 yilda 8,9 mlrd. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning 11 oyida bu ko‘rsatkich 12,2 mlrd. dollarga yetgan. Mazkur raqamlardan ham ko‘rishimiz mumkinki, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda.

Internet tarmog‘ida hamkorlik O‘zbekistonni Xitoyga qaram qilib qo‘yishi bilan bog‘liq ba’zi fikrlar paydo bo‘ldi. Xo‘sh, aslidachi? Hamkorlik qaramlikmi? Keling, shu to‘g‘risida biroz mulohaza yuritamiz.

Yevropalik allomalardan birining “Nur sharqdandir”, degan gapi bor. Buni kimdir quyoshning sharqdan chiqishiga yo‘ygan bo‘lsa, yana kimdir “Ilm-ma’rifat ziyosi shu yerdan taralgan”, deya talqin qiladi. Ikkala qarashda ham jon bor. O‘tmishga nazar tashlasak ham, bugungi kun haqida fikr yuritsak ham sharqda har jihatdan yuqori potensial mavjud. Va bugun Xitoyning jahondagi o‘rnini e’tirof etish lozim. Mazkur davlat sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, avtomobil eksporti bo‘yicha hamda kemasozlik bozorida dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. Xitoyning har tomonlama imkoniyatlari haqida ko‘p va ho‘p gapirish mumkin. U bilan hamkorlik qilayotgan O‘zbekiston qanday manfaat topishi esa asosiy masala.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti so‘ngi yillarda yuksak sur’atlarda, shu bilan birga barqarorlikni saqlagan holda o‘sib boryapti. Iqtisodiyotda esa barqaror so‘zi qadrlanadi. Bu oddiy qilib aytganda, ishonchli va xavfsiz degan ma’noni anglatadi. Shu o‘rinda tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlarni ham alohida e’tirof etish joiz. Shu va boshqa omillar sabab mamlakatimizga ishonch bilan investitsiya kiritayotganlar soni ortib bormoqda.

Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasida asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 226,6 trln. so‘mni tashkil etgan. Bunda Xitoy eng yuqori ulushga ega bo‘lgan investor mamlakat sifatida birinchi o‘rinda turibdi. Davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich yana bir necha barobarga oshishi ko‘zda tutilmoqda. Xush, shu bilan O‘zbekiston Xitoyga qaram bo‘lib qoladimi? Albatta, yo‘q.

Investitsiya – iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida o‘z mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoqlarga, misol uchun, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovatsiya, tadbirkorlik bo‘yicha istiqboli bor loyihalarga uzoq yoki muddatli kapital kiritishdir. Ya’ni pirovardida foyda olish ko‘zlanadi. Bu jarayonda investitsiya kirib kelayotgan davlat uchun qanday naf bor? Keling, dastlab biroz shunga to‘xtalamiz.

Birinchidan, investorlar soni va investitsiya miqdorining oshishi mamlakatimizga nisbatan ishonchning ortayotganidan darak beradi. Va bu o‘z navbatida, jonajon diyorimizning xalqaro maydonda tutgan o‘rnini yuqori pog‘onalarga ko‘taradi.

Ikkinchidan, agar kirib kelayotgan mablag‘ to‘g‘ri yo‘naltirilsa, nafaqat iqtisodiy foyda olish mumkin, balki ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan birga, O‘zbekistonda “Made in Uzbekistan” brenddagi mahsulotlarning turi va hajmining oshishiga olib keladi. Umuman shunga o‘xshash boshqa ko‘plab ijobiy jihatlar kuzatiladi. Bugun O‘zbekiston ulkan qurilish maydoniga aylanib ulgurdi. Ishlab chiqarish korxonalarining soni va eksport hajmi ham kundan-kunga ortib bormoqda. Va bu ishlarning aksariyati investitsiya tufayli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda Xitoy kapitali asosida tashkil etilgan korxonalar soni 2125 tani tashkil etadi. 2023 yilning o‘zida 601 ta korxona ishga tushirildi. 2017-2022 yillarda Xitoy investitsiyalarining hajmi 10,9 mlrd. dollarni tashkil etgan. 2023 yilning 11 oyida O‘zbekistonga 40 mingdan ortiq xitoylik sayyoh tashrif buyurgan. O‘zbekiston eksportining 50 foizi 4 ta bozorga to‘g‘ri keladi. Ushbu to‘rttalikning orasida Xitoy bozori 2-o‘rinda. Demak ishlab chiqarish hajmi oshib borayotgan mamlakatimiz uchun Xitoy yaxshi bozor. Bu esa o‘z o‘rnida foydaning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari 24 yanvar kuni Pekin shahrida XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokara

o‘tkazdi. So‘ng yetakchilar Qo‘shma bayonot qabul qildilar, ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi.

Tashrifning birinchi kunida ushbu mamlakat Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan va Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszi bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, CNPC va CITIC korporatsiyalari, Xitoy Eksport-import banki rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Davlat tashrifining ikkinchi kuni Xitoyning innovatsiyalar poytaxti – Shenchjen shahrida ishbilarmonlik tadbirlari bayrog‘i ostida o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin bilan hududlararo aloqalarni muhokama qildi.

Mamlakatimiz yetakchisi Xitoy yirik biznesining 600 dan ziyod vakillarini yig‘gan qo‘shma Investitsiya forumida ishtirok etdi hamda Ipak yo‘li fondi, “SANY” va “CSG” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Global elektromobillar bozori peshqadami – “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, davlatimiz rahbari Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillarni birgalikda ishlab chiqarishga start berdi.

Aslida, har bir kelishuv, har bir imzolangan hujjatning salmog‘i, foydali jihatlari to‘g‘risida ko‘p gapirish mumkin. Keling, biz O‘zbekistonda “BYD” elektromobillarini ishlab chiqarishga to‘xtalamiz. Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra 300 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi kerak edi. Tashrif chog‘ida bu raqam 500 mingtani tashkil tashkil qilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu O‘zbekiston va uning xalqiga nima beradi?

Elektromobillar sonining oshishi birinchi navbatda ekologiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Lekin, ularning narxi oddiy avtomobillarga nisbatan qimmatroqligi ma’lum. Shu sababli ham bunday mashinalarni hamma ham sotib olishni istamaydi. Istasa ham balki, cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Ma’lum bo‘lgan yana bir haqiqat bor. Bozorda qaysi mahsulotning soni ko‘paysa, uning narxi arzonlashadi. Albatta, bu jarayonda ishlab chiqarilayotgan elektromobillarning tan narxini pasaytirish ham ko‘zda tutilgan.

Yuqorida biz ba’zi ijobiy omillar haqida gapirib o‘tdik. Bu dengizdan tomchi xolos, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu jihatdan olib qaralganda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarni qaramlik deb emas, balki o‘z nomi bilan istiqbolli hamkorlik deb atash mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

O‘zA