Joriy yilda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali qoshida veterinariya klinikasi va vivariy qurilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu ob’ekt qurilishi Jahon banki mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan amalga oshiriladigan loyihaning qurilish va chorvachilik bo‘yicha mutaxassislari filialga tashrif buyurib, rahbariyat bilan o‘zaro muzokaralar olib bordi. Muloqot davomida veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda bank tomonidan qurilish ishlariga mablag‘ ajratish va zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlash kabi masalalar muhokama qilindi. Qayd etilganidek, mazkur klinika va vivariy talaba-yoshlarning amaliy bilimlarini yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida veterinariya sohasi bo‘yicha klinika va vivariy ilk marotaba qad ko‘taradi. Mana shunday sa’y-harakatlar zamirida bo‘lajak veterinarlarga har tomonlama yetuk bilim berish singari ezgu maqsad mujassam.
Jahon banki mutaxassislari mazkur qurilish uchun belgilangan yer maydonini ko‘zdan kechirdi. Yaqin kunlarda boshlanishi rejalashtirilgan qurilish ishlarini jadallashtirish va uni sifatli amalga oshirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri