Havaskor boksda “Vel Barker” kubogi sohibi, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni, uch karra qit’a chempionligiga erishib, bugungi kunda ham munosib natijalar qayd etib kelayotgan Hasanboy Do‘smatovning professional boksdagi navbatdagi jangini kimga qarshi o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi.
WBA tashkiloti professional boksning eng yengil vaznida amaldagi jahon chempioni, tailandik Tammanun Niyomtrong himoya jangini aynan Hasanboy Do‘smatovga qarshi o‘tkazishini tasdiqladi.
Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) Do‘smatov – Niyomtrong qarama-qarshiligidagi jang borasida tomonlar kelishuvga erishishi va muzokaralar o‘tkazishi uchun 30 kunlik muhlatni belgiladi.
Aytish lozim, 33 yoshli Niyomtrong faoliyati davomida 24 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan.
Do‘smatovga qarshi kechadigan ushbu jang uning 12-himoya “dueli” hisoblanadi.
Professional boksda 6 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alabaga erishgan Hasanboy Do‘smatov shu kunlarda Bolgariyada tashkil etilayotgan “Strandja-2024″ xalqaro turnirida ishtirok etmoqda.
Bugun, 9 fevral kuni Sofiya shahrida havaskor boks bo‘yicha 75-bor o‘tayotgan “Strandja-2024″ turnirining oltinchi kungi musobaqasida Hasanboy Do‘smatov ringga ko‘tariladi. Dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 300 ga yaqin bokschi ishtirok etayotgan turnirda Hasanboy Do‘smatov armanistonlik Davit Yegoryanga qarshi jang o‘tkazadi.
Kun mobaynida terma jamoamiz a’zolaridan shuningdek, 54 kilogrammda Xo‘janazar Nortojiyev hindistonlik Lolit bilan, 57 kilogrammda Shahzod Muzaffarov eronlik Donial Shoxbaxsh bilan, 60 kilogrammda Dilshod Abdumurodov ukrainalik Maksim Vlasyuk bilan kuch sinashadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA