“Ko‘ksaroy” qarorgohida 8 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Belarus bayroqlari bilan bezatilgan maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus yetakchisini samimiy kutib oldi va shohsupaga taklif qildi. Ikki mamlakat madhiyalari yangradi.

Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

Davlatimiz rahbari uchrashuvni ochar ekan, keyingi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Belarus Prezidentining ushbu tashrifiga tayyorgarlik doirasida qator tadbirlar, shu jumladan, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, hududlar, rektorlar, tibbiyot xodimlari forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Hukumat rahbarlari, parlamentlar, vazirlik va hududlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Tomonlar xalqaro tuzilmalar, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT doirasidagi siyosiy muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga ahdlashib oldilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi.

Hukumatlar oldiga ushbu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu maqsadda qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish, eksport-import yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va mahsulotlarni sertifikatlashtirish elektron tizimini joriy qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, tomonlar yuk tashish uchun qulay sharoit yaratish, xalqaro avtomobilda tashuvchilarni tayyorlash, Janubiy Osiyoning katta bozorlariga eltuvchi multimodal koridorlardan samarali foydalanishga kelishib oldilar.

Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.

Muzokaralarda davlat rahbarlari kooperatsiyaning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdilar. Bular – qishloq xo‘jaligi, yengil, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, shaharsozlik, kommunikatsiyalar va boshqalar. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha alohida ishchi guruhlarni shakllantirishga kelishib olindi.

Yetakchilar hududlararo almashinuv faollashganini olqishladilar. Kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston va Belarus hududlari ikkinchi forumining samarali natijalari alohida qayd etildi: uning yakunlari bo‘yicha qiymati 1 milliard dollardan ziyod shartnoma va bitimlar imzolangan.

Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga kelishib oldilar. Oliy va professional ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish dasturlari qabul qilinadi.

Yig‘ilishda rasmiy delegatsiyalar a’zolarining hisobotlari, muzokaralar kun tartibidagi masalalar yuzasidan aniq takliflari tinglandi.

Uchrashuvlar yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan kelishuvlarni amalga oshirishga doir qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Qo‘shma bayonot qabul qildilar.

Davlat rahbarlari huzurida qator muhim ikki tomonlama hujjat va bitimlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu jumladan:

– 2024-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

– Mahsulotlarni sertifikatlashtirish elektron tizimlarini qo‘llash to‘g‘risida bitim;

– Raqobatni rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Ilm-fan va ishlab chiqarishda hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Toshkent va Minsk shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitim;

– Energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– Intellektual mulk sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– 2024-2025 yillarda sport sohasida hamkorlik dasturi;

– 2024-2025 yillarda madaniyat va san’at sohasida hamkorlik dasturi;

– 2024-2025 yillarda maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida hamkorlik dasturi;

– 2024-2025 yillarda ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

– 2024-2026 yillarda agrosanoat majmuida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

– O‘simliklar karantini sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasi;

– 2024-2025 yillarda turizm sohasida hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida 2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi hududlari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari reja-jadvali imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Tashrif arafasida o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Bungacha yetakchi oliygohlar rektorlari va tibbiyot muassasalari rahbarlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tgan edi.

O‘zbekiston Prezidenti jurnalistlar e’tiborini keyingi yillarda O‘zbekiston – Belarus hamkorligida ro‘y bergan sifatli o‘zgarishlarga qaratdi. Barcha darajalardagi muloqotlar faollashgani, tovar ayirboshlash hajmi, kooperatsiya loyihalari soni oshgani, madaniy-gumanitar almashinuv va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta tiklangani qayd etildi.

Yetakchilar muzokaralar atroflicha bo‘lgani, O‘zbekiston – Belarus munosabatlarining keng doirasi batafsil muhokama qilingani, ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari belgilab olinganini ma’lum qildilar.

Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT doirasidagi muloqotni mustahkamlashga tomonlarning intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish va savdoni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy qilishga kelishib olindi.

Sanoat kooperatsiyasining ustuvor sohalari belgilab olindi.

Hududlararo aloqalar salohiyati va imkoniyatlarini samarali ishga solishga alohida e’tibor qaratildi.

Madaniyat va san’at, oliy va professional ta’lim, turizm, yoshlar va sport sohalaridagi faol almashinuvlar davom ettiriladi. Sog‘liqni saqlash borasidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi.

Tomonlar navbatdagi tibbiyot, ta’lim va turizm forumlarini tashkil etishga kelishib oldilar.

Erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi, ko‘p qirrali sheriklikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishiga ishonch bildirildi.

“Ko‘ksaroy” qarorgohida O‘zbekiston – Belarus sammiti yakunlangach, birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Faxriy mehmonlar xiyobonida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish ramzi sifatida daraxt ekdilar.

So‘ng Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdi.

Oliy martabali mehmon e’tiboriga Texnopark korxonalarida ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika, elektron hisoblagichlar, lift va eskalatorlar, nasoslar, sanoat qozonxonalari, sovitish tizimlari kabi keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar taqdim etildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan sanoat majmuasida umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta ishlab chiqarish quvvati joylashtirilgan. Joriy yilda bu yerda logistika markazi ish boshlaydi.

Mahsulotlar xorijiy brendlar ostida va ular nazoratida ishlab chiqarilmoqda, ichki va xorijiy bozorlarda ularga talab yuqori. Tovarlar dunyoning 10 ta mamlakatiga eksport qilinmoqda.

Prezidentlar yetakchi korxonalar kooperatsiyasini, tajriba almashish va texnologiyalar transferini kengaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Shu kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko  O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga bordi. Oliy martabali mehmon muhtasham badiiy obida – Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Aleksandr Lukashenko ushbu muazzam bog‘ning bunyod etilish tarixi bilan tanishdi. Mustaqillik monumentida aks ettirilgan buyuk allomalar, qahramon sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimiz haqida so‘zlab berildi.

Delegatsiya a’zolari “Yangi O‘zbekiston” majmuasining g‘oyaviy va me’moriy yechimlariga e’tibor qaratdi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV, 

O‘zA muxbirlari