Kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi samaradorligi oshiriladi
“O‘zbekiston – 2030″ strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida xavfsizlik va millatlararo totuvlikni ta’minlashga urg‘u berilgan.
Jahonda sodir bo‘layotgan murakkab global jarayonlarni inobatga olgan holda Qurolli Kuchlarning qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirishga e’tibor qaratilgan.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ishlab chiqilgan kompleks dasturga muvofiq amaliy ishlarni jadallashtirish nazarda tutilgan. Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning xorijiy davlatlar armiyalari bilan hamkorligi, soha mutaxassislarining yetakchi xorijiy davlatlar armiyalarida tajriba almashish va malaka oshirishi tashkil etilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda so‘z yuritildi.
Shuningdek, xalqaro seysmik kuzatuvlar global tizimi bilan integratsiyalashuv asosida mamlakatimizda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi samaradorligini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. Aholini favqulodda vaziyatlar, kuchli zilzilalar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash tizimini rivojlantirish maqsadga muvofiq.
Qizg‘in muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan Davlat dasturi loyihasiga bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi. Mazkur qonun yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.
N.Abduraimova, O‘zA