Bugun, 2 fevral kuni mamlakatimiz sport ixlosmandlari tennis, futbol va dzyudo bo‘yicha 3 yirik musobaqa guvohiga aylanadilar.

Ulardan eng katta qiziqishga ega bo‘lgani albatta, poytaxtimizdagi “Humo Arena” majmuasida tennis bo‘yicha “Devis kubogi”ning I Jahon guruhi uchun saralash doirasida O‘zbekiston — Polsha o‘yinidir.

Ushbu uchrashuvning bugungi dasturida Sergey Fomin — Hubert Hurkach (Polsha), Humoyun Sultonov — Maks Kasnikovski (Polsha) o‘zaro raqobatlashadi. Mazkur bahsning dastlabkisi, 14:00 da boshlanadi. Darvoqe, “Humo Arena” majmuasida o‘tadigan ushbu o‘yinni ko‘rish mutlaqo bepuldir.

Shuningdek, bugun dzyudo bo‘yicha Parij “Katta dubulg‘a” turniriga ham start beriladi. Mazkur musobaqada dunyoning 111 mamlakatidan 667 nafar sportchi medallar va jahon hamda Olimpiya o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritishda  g‘oyat muhim bo‘lgan ochkolar uchun kurash olib boradilar.

Unda O‘zbekiston terma jamoasi quyidagi tarkibda ishtirok etadi:

Erkaklar:

-60 kg: Doston Ro‘ziyev

-66 kg: Muhriddin Tilovov

-73 kg: Murodjon Yo‘ldoshev

-73 kg: Shahram Ahadov

-81 kg: Muso Sobirov, Sharofiddin Boltaboyev

-90 kg: Davlat Bobonov

-100 kg: Muzaffarbek To‘raboyev

+100 kg: Alisher Yusupov

Ayollar:

-48 kg: Halima Qurbonova

-52 kg: Sita Qadamboyeva

-57 kg: Shukurjon Aminova, Nilufar Ermaganbetova

-63 kg: Sevinch Isoqova

-70 kg: Shohista Nazarova, Gulnoza Matniyozova

-78 kg: Irisxon Qurbonboyeva

+78 kg: Rinata Ilmatova

Futbol muxlislari esa Qatar yashil maydonlarida o‘tayotgan Osiyo kubogining dastlabki chorak final bahsini kuzatishlari mumkin. Aniqrog‘i, 2 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da Tojikiston – Iordaniya, 20:30 Avstraliya – Janubiy Koreya uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 3 fevral kuni esa Eron – Yaponiya, Qatar – O‘zbekiston terma jamoalari maydonga tushib, yarim final masalasini hal qiladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA