70 dan ziyod davlatning 1800 nafar sportchisi ishtirok etgan qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali yopilish marosimida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax ishtirok etdi.

Janubiy Koreyaning Kangvon provinsiyasida o‘tgan o‘yinlarning yakuniy sarhisobiga ko‘ra, umumjamoa hisobida Italiya sport delegatsiyasi 11 ta oltin, 3 tadan kumush va bronza medali bilan 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, keyingi pog‘onalarni Germaniya, Fransiya va Xitoy vakillari egalladi.

Koreyaliklar o‘z sport maydonlarida o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlarida 5 ta oltin, 6 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan kuchli beshlikdan joy oldi. Qo‘shni Qozog‘istonning 42 nafar sportchisi mazkur o‘yinlarda 1 ta oltin, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

“Kongvon-2024” o‘yinlarining tantanali yopilish marosimida o‘smirlar o‘rtasidagi navbatdagi qishki Olimpiya o‘yinlari mezboni Italiya vakillari musobaqaning ramziy bayrog‘ini qabul qilib oldi.

Aytish lozim, o‘smirlar o‘rtasidagi XXV qishki Olimpiya o‘yinlari 2026 yil Italiyaning Milan va Kortina-dʼAmpetsso shaharlarida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, “Kongvon-2024” o‘yinlarida mamlakatimizning ikki nafar sportchisi tog‘ chang‘isi bahslarida o‘z omadini sinab ko‘rdi. Yosh sportchilarimiz belgilangan dasturlarda 70 dan ziyod ishtirokchi orasida 30-40-o‘rinlarni egalladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA