Ispaniyaning La-Nusiya shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha “Boxam-2024” xalqaro turnirining navbatdagi kunida olti nafar charm qo‘lqop ustalarimiz navbatdagi bosqichga yo‘l oldi.

Kechagi bahslarda O‘zbekiston terma jamoasining jami sakkiz nafar a’zosi ringga ko‘tarildi. Vazni -63,5 kg bo‘lgan Mujibillo Tursunov tailandlik Pidnuch Khunatipni, Ruslan Abdullayev esa irlandiyalik Hale Jon Paulni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, -71 kg vazn toifasida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev kutilmaganda jarohat sabab ringga ko‘tarilmadi va meksikalik Marko Verde g‘olib deya e’tirof etildi. Ushbu vazndagi ikkinchi bokschimiz Havasbek Asadullayev angliyalik Akbar Harrisni 5:0 hisobida yengdi.

Musobaqada -80 kg vaznda ishtirok etayotgan Jasurbek Yo‘ldoshev va To‘rabek Habibullayev kabi bokschilarimiz o‘rtasidagi bahsda To‘rabekning qo‘li baland keldi. Shuningdek, 92 kilogrammgacha vazn toifasida iqtidorli bokschimiz Lazizbek Mullajonovning raqibi angliyalik Villiams Levis jang qilishdan bosh tortdi va mag‘lubiyatini tan oldi. Ushbu vaznda Shohjahon Abdullayev portugaliyalik Rodrigues Antonioni 1-raundda texnik nokautga uchratdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA