So‘nggi vaqtlarda rossiyalik sportchilar turli mamlakat terma jamoalari safiga borib qo‘shilmoqda va sport fuqaroligini almashtirmoqda. Ulardan biri rossiyalik erkin kurashchi Razambek Jamalovdir. U yaqinda sport fuqaroligini almashtirdi va oldinda turgan musobaqalarda O‘zbekiston nomidan ishtirok etadigan bo‘ldi.
Razambek Jamalov musobaqalarda -74 kg. vazn toifasida kurashadi. Bu vaznda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Olimpiya va Osiyo o‘yinlari sovrindori tajribali polvonimiz Bekzod Abdurahmonov ham bor. Endilikda ular ushbu vazn toifasida nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Ma’lumot uchun, 25 yoshli Razambek Jamalov o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatining kumush medal sohibi, “U23″ yosh toifasida esa Yevropa va jahon hamda bir necha bora Rossiya chempioni hisoblanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA