Qatarda o‘tayotgan futbol bo‘yicha Osiyo kubogida 1/8 final bahslari o‘z yakuniga yetdi va chorak final bosqichida o‘zaro raqobatlashadigan terma jamoalar nomi aniqlandi.
Nimchorak finalning so‘nggi kunida Yaponiya terma jamoasi Bahraynga qarshi o‘yinda 3:1 hisobida zafar quchdi. Eron esa qiyinchilik bilan Suriya terma jamoasini yengdi. Aniqrog‘i, ushbu o‘yinning asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida esa Eron 5:3 hisobida g‘alaba qozondi.
Shu tariqa, Osiyo kubogining nimchorak final uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi.
Ma’lumot uchun, chorak final bahslari 2-3 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. 2 fevral kuni 16:30 da Tojikiston – Iordaniya, 20:30 Avstraliya – Janubiy Koreya uchrashuvlari o‘tkazilsa, 3 fevral kuni 16:30 da Eron – Yaponiya, 20:30 da Qatar – O‘zbekiston terma jamoalari maydonga tushib, yarim final masalasini hal qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA