Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Deputat va tadbirkorlar” forumi tashkil qilindi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, mutasaddi tashkilot rahbarlari, tadbirkorlar, talaba yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forum ishtirokchilari mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida barcha sohalarda qilinayotgan ishlar va yoshlarni zamonaviy kasb va chet tiliga o‘qitish tizimini yaratish, yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish, tadbirkorlarga erkin faoliyat yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish borasida so‘z yuritdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlarga sharoit bilan birga, keng imkoniyatlar, soha rivoji uchun katta sharoitlar yaratilmoqda. Buning samarasida, tadbirkor bo‘laman, degan insonlar soni ortib bormoqda. E’tiborlisi, ular orasida xotin-qizlar, yoshlar safi ham tobora kengayib bormoqda.
Forumda tadbirkor bo‘lish uchun birinchi navbatda yaxshi boshqarish qobiliyati bo‘lish kerakligi, ko‘proq izlanish, tinimsiz mehnat talab qilinishi qayd etildi. Faol ishtirok etgan talaba yoshlarga sohaga oid adabiyotlar sovg‘a qilindi.
Tadbir yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.