Toshkentda moda va to‘qimachilik sanoati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

493

Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Moda va to‘qimachilik” ko‘rgazmasi ish boshladi.

Ko‘rgazma ochilishida so‘zga chiqqanlar ushbu tadbir mahalliy va xorijlik tadbirkorlar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va  kelgusi rejalar uchun keng imkoniyatlar ochib berishga xizmat qilishini ta’kidladi.

“Seys” kompaniyasi bosh menejeri Muzaffar Ma’murovning ma’lumot berishicha, ushbu ko‘rgazma bu gal to‘rtinchi bor tashkil etilmoqda. Unda  O‘zbekiston, Xitoy, Turkiya kabi davlatlar to‘qimachilik sohasi vakillari o‘z imkoniyatini namoyish etmoqda.

–Ko‘rgazmani tashkil qilishdan maqsad mamlakatimiz to‘qimachilik sohasi rivojiga hissa qo‘shishdir. Kompaniyamiz xorijlik hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish va aynan shu sohaning eksport salohiyatini oshirish yo‘lida qator rejalar belgilab olgan. Uch kunga mo‘ljallangan mazkur ko‘rgazma bizning bu boradagi ishlarimizga keng yo‘l ochib beradi, – dedi M.Ma’murov.

“O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuining birinchi va ikkinchi  pavilonlarida asosan Xitoy va Turkiya davlatlarining to‘qimachilik mahsulotlari, xususan, milliy liboslari taqdim etilmoqda. Ular orasida “Al-Karam Qadri” guruhi mahsulotlari ham ishtirokchilar e’tiboriga havola etilgan. Iordaniyalik tadbirkor Ahmad Qadri rahbarlik qilayotgan ushbu kompaniya tomonidan yaratilgan milliy liboslar O‘zbekistonda ilk bor namoyish etilmoqda.

–Biz Iordaniya milliy liboslarini ishlab chiqaruvchi to‘rtinchi avlod vakillarimiz. Men oilam bilan ota-bobolarimiz ishini davom ettiryapman. Biz yaratgan milliy liboslar BAA, Turkiya va Xitoy davlatlariga ham yetkazib beriladi. Yurtingizda tashkil etilgan ko‘rgazmadan umidimiz katta va bu ishtirokimiz hamkorlar topishga  qulay fursatdir, –dedi Ahmad Qadri.

Ko‘rgazma doirasida iqtidorli dizaynerlar tomonidan yaratilgan liboslar bo‘yicha modalar namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA