1 fevralda Gruziya Bosh vaziri almashadi

Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili va “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi rahbari Irakliy Kobaxidze o‘z lavozimlarini almashadi, bu haqda 1 fevral kuni rasman e’lon qilinadi, deb xabar berdi “Imedi” telekanali.

O‘sha kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Bosh vazir lavozimiga Kobaxidze nomzodi ko‘rsatiladi, partiya raisligini esa Garibashvili egallaydi. Mamlakat matbuoti yozishicha, bu o‘zgarish mamlakatda parlament saylovi yaqinlashayotgani bilan bog‘liq.

Zelenskiy Ukraina harbiylari sonini ma’lum qildi

Ukraina qurolli kuchlarida 880 ming kishi xizmat qiladi, dedi Prezident Vladimir Zelenskiy Germaniyadagi “ARD” mediaxoldingiga bergan intervyusida.

– 880 ming askarimiz bor, armiyamiz jami million kishidan iborat, – dedi u. – Umuman, bizda 30 million odam ishlamoqda, hatto, yanayam ko‘proq. Aniq raqamni ayta olmayman.

Pentagon Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlari beradi

Ukraina ilk F-16 qiruvchi samolyotlaridan 2024 yildayoq foydalana boshlashi kerak, Pentagonning maqsadi shu, deb yozdi “Politico” nashri AQSH mudofaa vazirining xalqaro xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Selest Uollanderga tayanib.

– Yaxshi yangilik shundan iboratki, G‘arb Ukrainaga qiruvchi samolyot ajratish masalasini hal qilishda davom etmoqda, – degan Pentagon vakili.

KXDR qanotli raketa parvozini suv osti kemasida sinovdan o‘tkazdi

KXDR “Pulxvasal-3-31” qanotli raketasini suv osti kemasidan uchirib, muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi, deya xabar tarqatdi Koreya markaziy telegraf agentligi.

– Raketalar mos ravishda 7421 va 7445 soniya (ikki soat atrofida) parvoz qilib, oroldagi nishonni aniq urdi, – deb yozgan agentlik.

Ta’kidlanishicha, sinov tadbiri atrofdagi mamlakatlarning hech biriga xavf solmagan.

Cherkovga hujum uyushtirganlar

Rossiya va Tojikiston fuqarolari ekan

Istanbuldagi cherkovga hujum uyushtirishda gumonlangan ikki kishining biri Rossiya, yana biri Tojikiston fuqarosi ekani, tekshiruv doirasida 47 kishi qo‘lga olingani ma’lum qilindi.

Yakshanba kuni Istanbulda katoliklar cherkoviga qurolli hujum uyushtirilishi oqibatida Turkiya fuqarosi halok bo‘lgan. Hodisa uchun javobgarlikni “Islom davlati” zimmasiga olgan.

– Qo‘lga olinganlarning biri Tojikiston fuqarosi bo‘lib chiqdi, ikkinchisi rossiyalik, – dedi Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Erliqoya.

Pashinyan Bokuga

hujum qilmaslik to‘g‘risida hujjat imzolashni taklif etdi

– Biz Ozarbayjonga demilitatsiya qilingan chegaralarda qurollarni o‘zaro birgalikda nazorat qilish hamda hujum qilmaslik to‘g‘risida pakt imzolashni taklif qildik, – degan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Armaniston armiyasi kuniga bag‘ishlangan tantanali majlisda. – Agar tinchlik shartnomasi imzolanishi kutilgandan ko‘proq vaqt talab qilsa, ushbu variantni ko‘rib chiqishimiz lozim.

Markaziy Osiyodagi en qimmat shahar ma’lum qilindi

“Numbeo” reytingiga ko‘ra, 2024 yilning birinchi oyida Almati Markaziy Osiyodagi eng qimmat shahar, deb topilgan.

“Numbeo” 2009 yil asos solingan dunyodagi eng yirik ma’lumot zaxirasiga ega manba hisoblanadi. Reyting foydalanuvchilar fikri, turar-joy ijarasi, oziq-ovqat mahsulotlari, restorandagi narx kabi omillar yordamida shakllantiriladi.

“Kazinfrom” yozishicha, ro‘yxatda Ostona ikkinchi, Toshkent va Bishkek uchinchi-to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan. Osiyodagi eng qimmat shahar maqomi esa Singapurga tegishli.

Qirg‘izistonda teatr yoki kinoda chekishni namoyish qilish

jarimaga sabab bo‘lishi mumkin

Tegishli qonun loyihasini mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi muhokamaga qo‘ymoqchi. Jarima spektakl, film yoki multfilmda chekish holati namoyish qilinganda qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, vazirlik jamoat joyida ham chekishni taqiqlash taklifini ilgari suryapti.

Saidmurod Rahimov tayyorladi, 

O‘zA