Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 yanvar kuni uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Aholiga munosib sharoitlar yaratish, hayot sifatini taminlash maqsadida bu sohalarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili hududlarda mingdan ortiq infratuzilma inshooti, 2 mingga yaqin ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi. Avtomobil yo‘llari, suv va issiqlik tarmoqlari qurildi. Transport xizmati uchun yangi avtobus va samolyotlar olib kelindi.
Shu bilan birga, qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilish va sifatini ta’minlash borasida kamchiliklar ko‘p. Ichimlik suvi tannarxi va tarmoqlardagi yo‘qotishlar kamaymagan. Fuqaro aviatsiyasida mahalliy reyslar talabga nisbatan 2-3 barobar kam. Temir yo‘lda yuk tashishga ko‘p vaqt ketmoqda. Toshkent shahrida tirbandlik muammosi haligacha hal bo‘lgani yo‘q. Havo ifloslanishining oldini olish bo‘yicha choralar yetarli emas.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilish avvalida shu kabi kamchiliklarning sabablari ko‘rib chiqildi. Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan bir qator rahbarlarga intizomiy choralar qo‘llandi.
Transport, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimiga kiruvchi barcha vazir va hokim o‘rinbosarlari faoliyatiga samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi belgilandi.
Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida 1 ming 637 ta infratuzilma inshooti qurilishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari bunda byudjet mablag‘larini samarali ishlatish, qurilishlar sifatini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratdi.
Amaldagi loyihalash va qurilish jarayonlari resurs usuliga asoslangan. Loyiha tashkilotlari ob’ekt qiymatini imkon qadar “shishirishga” harakat qilmoqda. Qurilishlarda talon-torojlik va o‘g‘rilik holatlari uchrayapti.
Shu bois endi loyihadan boshlab, ob’ektni foydalanishga topshirguncha bo‘lgan barcha jarayonlar yangicha tashkil etiladi. Unga ko‘ra, kelgusi yil 1 yanvardan barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, qurilish va ularni qabul qilishda resurs usulidan voz kechilib, hajm usuliga o‘tiladi.
Bu tartib shu yil 1 iyuldan yo‘l, ichimlik suvi va ko‘prik qurilishi loyihalarida joriy qilinadi. Ushbu sohalarni korrupsiyadan xoli qilish maqsadida qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi, pudratchi tashkilot bajargan ishlar faqat soliq organiga taqdim etilgan elektron hisob-fakturadan kelib chiqib moliyalashtiriladi, ob’ektni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, dalolatnomalar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida tasdiqlanadi. 10 milliard so‘mdan ortiq loyihalar bo‘yicha subpudratchilarni tanlash ham mazkur tizim orqali yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu tartib xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarga ham tatbiq etilib, qurilish materiali qayerda qancha pul turishini onlayn kuzatib boradigan tizim bo‘ladi.
Hamma hisob-kitob, mablag‘ni iqtisod qilish loyiha ishlab chiqish jarayonida bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Buning uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Loyiha ofisi tuziladi. U qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori loyihalarni ishlab chiqish jarayonida ularning asosliligini, xavfsizlik va energiya tejamkorligini baholab boradi. Ijtimoiy muassasalar va kommunal ob’ektlar bo‘yicha namunaviy loyihalar ishlab chiqadi. Bundan buyon, Loyiha ofisining tavsiyasi bo‘lmagan loyiha hujjatlari davlat ekspertizasiga qabul qilinmaydi.
Mutasaddilarga qurilish me’yorlarini xorijiy tajriba asosida yangilash, qurilish materiallari sohasida “yashirin iqtisodiyot”ga chek qo‘yish, bu borada elektron klassifikatorni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 2025 yil 1 yanvardan byudjet hisobidan qilinadigan barcha xaridlar Soliq qo‘mitasining “Ye-ombor” platformasi orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Joriy yilda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 2,5 milliard dollarlik yangi loyihalar boshlanadi. Qayd etilganidek, endi bunday loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ham majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Shuningdek, tashqi qarz hisobidan loyiha amalga oshirish tizimi ham o‘zgaradi. Bunda loyihaning baholash hisoboti va texnik-iqtisodiy asoslari bir-biriga moslashtirilib, bitta loyiha hujjati ishlab chiqiladi. Natijada vaqt 8-9 oyga qisqaradi. Texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlanmagan loyihaga qarz jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yig‘ilishda shaharlarni rejalashtirishdagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Ko‘p joylarda bu o‘z holiga tashlab qo‘yilgani oqibatida ijtimoiy infratuzilma, xizmatlar va ish o‘rinlari birdek rivojlanmayapti. Ayrim binolar pala-partish, ko‘chalar qiyofasiga nomutanosib qurilayapti.
Shu bois, o‘zboshimchalik bilan va noqonuniy qurilgan ob’ektlarni tartibga olish bo‘yicha qonunchilikni mustahkamlash, tegishli idoralar ishtirokida yangi tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Bu yil 170 ta, kelasi yili kamida 300 ta shahar va shaharchaning bosh rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bunda “Mening hududim” platformasi ishga tushirilib, har bir reja aholi bilan muhokama qilinadi va ijrosi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.
Davlatimiz rahbari yangi uy-joylar tannarxi masalasiga alohida to‘xtaldi. Quruvchi kompaniyalarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash maqsadida Ipotekani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinishi belgilandi.
Bu yil 80 ming xonadonli 1 ming 800 ta uy-joy va 45 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilishi aytildi.
Kommunal soha tahlil qilinar ekan, aksariyat ko‘p qavatli uylarda energiya sarfi yuqori ekani qayd etildi. Shu bois ularda energiya tejash bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Unga muvofiq, ko‘p qavatli uylar joyiga qarab markazlashgan, lokal yoki individual isitish tizimiga, ayrim qozonxonalar kogeneratsiya texnologiyasiga o‘tkaziladi. Bu orqali 2024 yilning o‘zida 600 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi va 2,5 milliard kilovatt elektr iqtisod qilish mumkin.
So‘nggi yillarda ichimlik suvi sohasiga 25 ta loyiha doirasida xalqaro moliya tashkilotlaridan 2,5 milliard dollar jalb qilindi. O‘tgan yilning o‘zida barcha manbalardan 8 trillion so‘m yo‘naltirildi. Joriy yilda qo‘shimcha 1,5 million aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Mutasaddilarga ichimlik suvi sifati standartlarini yangilab, barcha inshootlarda joriy etish, nasoslarni modernizatsiya qilib, suv yetkazib berish tannarxini kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, 5 ta shaharda – Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida tajriba tariqasida suv ta’minotiga xususiy sheriklar jalb qilinishi aytildi.
Ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, yerto‘lalarini tadbirkorlarga ijaraga berish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Endi bu boradagi ma’lumotlar ham raqamlashtirilib, “Mening uyim” tizimiga bog‘lanadi hamda aholi va tashabbuskorlarga ochiq e’lon qilinadi.
Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlarning kreditlarini so‘ndirish hamda debitor qarzdorligini qisqartirish choralari belgilandi.
Umuman, elektr energiyasi, gaz, suv, issiqlik, chiqindi va soliq to‘lovlari bo‘yicha xonadonning yagona billing hisob-raqamini joriy qilish vaqti kelgani ta’kidlandi.
Transport sohasi haqida so‘z borganda, avvalo, jamoat transporti qamrovini oshirishga alohida ahamiyat qaratildi. Yangi avtobuslar olib kelish, shaharlarda yo‘lovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirishga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yo‘l qurilishida “yashirin iqtisodiyot” ulushi yuqoriligi, buni nazorat qiladigan Transport inspeksiyasining faoliyati sustligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga yo‘l qurilishidagi 40 dan ziyod standart va me’yorlarni Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi talablariga moslashtirish topshirildi.
Xalqaro yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlarini, yuk va yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. “Qo‘qon”, “Samarqand” va “Toshkent” vokzallari, “Andijon” hamda “Urganch” aeroportlari boshqaruvi xususiy sektorga berilishi belgilandi. Shuningdek, Shahrisabz, Sariosiyo va Qo‘qon aerodromlari ta’mirlanib, mahalliy aviatashuvlar yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent shahrida tirbandlik muammosining yechimini topish, drenaj tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Ekologiyani asrash bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan.
Yurtimizda 2020 yildan buyon 22 mingta yangi sanoat korxonasi ishga tushgan. Umuman, bugungi kunda sanoat korxonalari va avtomobillardan atmosferaga yiliga 2 million tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqayapti. Ko‘p hollarda, qurilish ob’ektlari va loyihalari ekologik ekspertizadan o‘tkazilmasdan amalga oshirilayapti.
Shuning uchun 1 apreldan boshlab har bir hududning havo, suv va atrof muhitni ifloslanish darajasiga qarab tuziladigan reytingi joriy qilinishi belgilandi. Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda sanoatlashgan 20 ta tumanda avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatishni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Yirik sanoat va barcha sement korxonalarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi, eskilari almashtiriladi. Qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan “yashil belbog‘” yaratilib, jami 10 million tup daraxt ekiladi.
Kelgusi besh yil davomida Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarida 3 ming gektar “yashil belbog‘” va 200 gektar “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi.
Toshkent shahrida atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatiladi. Shuningdek, poytaxt ko‘chalarida og‘ir yuk mashinalari va muddati 10 yildan oshgan avtomobillar harakati bosqichma-bosqich cheklanadi. 2025 yil 1 yanvardan “Ai-80” markali benzindan voz kechish masalasi hal etiladi.
Toshkent shahri jamoat transportini elektr va gazga o‘tkazish, metro vagonlari sonini oshirish choralari ko‘riladi. “Yashil energetika”ni qo‘llab-quvvatlash, ekologik muammolarning oldini olish va zararli oqibatlarni kamaytirish maqsadida aholini elektromobillarga o‘tishini rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.
Yig‘ilish yakunida Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar joriy yilgi rejalari bo‘yicha axborot berdi.