![](https://cdn.uza.uz/2024/01/27/10/59/UTimOi8hN9kBZQbhI3UR95JCKYbAucE1_front.jpg)
Navbatdagi Olimpiya o‘yinlarida 10 500 sportchi g‘oliblik uchun kurash olib boradi, jami 15 million ishqibozning 2 millioni chet eldan keladi, ularning xavfsizligini ta’minlashda 40 mingga yaqin turli darajadagi xodimlar xizmat olib boradi.
Dasturda atletlar 32 sport turi bo‘yicha 329 musobaqada ishtirok etishi nazarda tutilgan.
“Parij-2024” tashkiliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘yinlarning umumiy byudjeti hozircha 8,8 milliard yevroni tashkil etmoqda. Fransiya Milliy audit idorasi ma’lumotiga ko‘ra, Olimpiadani o‘tkazish uchun davlat jami 3 milliard funt sterling mablag‘ sarflaydi.
Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari tantanali ochilish marosimlarida 500 mingdan ziyod tomoshabin ishtiroki kutilyapti. Ulardan 100 ming nafari marosimni bevosita Sena qirg‘og‘idagi tribunaga joylashadi.
![](https://cdn.uza.uz/2024/01/27/10/59/vKD5Zeo96WaryFfNjSSWpJztvksIFwNz_front.jpg)
Bahslarning tele tarmoq orqali uzatilishi yer yuzidagi bir milliardga yaqin kishini qamrab olishi bilan ahamiyatli.
Xavfsizlik masalasi hukumatning asosiy vazifasi sanaladi. Olimpiada ob’ektlari va fan zonalarda 17-22 ming qo‘riqchi ishlaydi. Jarayonga o‘rtacha 40 ming nafar xavfsizlik xizmati vakillari jalb etiladi. Bundan tashqari 30 ming ko‘ngilli tomoshabinlar, sportchilarga ko‘maklashadi.
Yana bir o‘ziga xos jihat: ishtirokchilar uchun 13 million xil taom va boshqa yengil yegulik taqdim etiladi. Taxminga ko‘ra, taomnomadan uch million dona banan joy olgan.
![](https://cdn.uza.uz/2024/01/27/10/59/sbzvs00gCuR1IdW9xxjQzpb4uZfXzSLX_front.jpg)
Musobaqa payti shaharda metro chiptasi narxi 4 yevroga chiqishi kutilyapti. Bu odatdagi 2,10 yevrodan, deyarli, ikki barobar qimmat.
Albatta, yuqorida keltirilgan raqamlar o‘zgarishi mumkin. Boshlanishiga olti oyga yaqin vaqt qolgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari tegrasidagi gap-so‘zlar hali bot-bot yangarshi, turfa fikrlar bildirilishi tabiiy hol.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA