Inqiroz xududidan qisqa xabarlar
Isroil 21 askari o‘ldirilganini tan oldi. “XAMAS hujumi natijasida 21 nafar askarimiz halok bo‘ldi, biz og‘riq va alam bilan uyg‘ondik”, – dedi mamlakat armiyasi Mudofaa vazirligi rahbari Yoav Galant.
Turkiyalik xakerlar Isroilning eng yirik kino tarmog‘idan biri reklama ustunlarini buzib kirishgan. Reklama o‘rnida “Bolalarning qo‘rqoq qotillari!” va “Qotillik jazosiz qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz!” so‘zlari yozib qoldirilgan.
XAMAS va Isroil o‘rtasida asirlarni almashish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Qatar vositachiligidagi muzokara boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, deb yozdi “Al Arabiya” nashri.
XAMAS vakillarining ehtimoliy sulh haqidagi bayonoti: Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish taklifi haqidagi iddao haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Hech qanday rasmiy taklif bo‘lmagan. Biz doimiy ravishda o‘t ochishni to‘xtatish tarafdorimiz, cheklangan takliflarni rad etamiz.
G‘azo sektoridagi amaliyot yuzasidan Isroil harbiylari orasida bo‘linish yuzaga kelmoqda. “Agar quruqlikdagi amaliyotimiz to‘xtasa, partiyamiz hukumatni tark etadi, biz hech qachon, hech qanday sharoitda mustaqil Falastin davlati tuzilishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, – degan Isroil madaniyat vaziri Miki Zoxar.
“XAMAS hali to‘liq mag‘lubiyatga uchramaganidan juda xafaman”, – dedi Isroil meros vaziri Amixay Eliyaxu.
– Netanyaxu strategiyasi Isroilni AQSHdan uzoqlashtirishi va G‘azo sektoridagi tartibsizlik ichra qoldirishi mumkin, – dedi Isroil sobiq Bosh vaziri, Armiya bosh shtabi sobiq boshlig‘i Exud Barak. – Biz hech qanday real maqsadsiz G‘azo o‘rtasida qolib ketamiz. Qolaversa, Livanda ham, G‘arbiy sohilda ham urush boshlanish xavfi bor.
– Isroilning XAMASni yo‘q qilishga urinishi muvaffaqiyat keltirmaydi, chunki bu hujum nafrat urug‘ini sochadi, – dedi YeI tashqi ishlar va Xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel. – Endi ikki davlat o‘rtasidagi muammoni hal qiladigan aniq reja haqida gapira boshlashimiz kerak.
AQSH senatori Kris Van Xollen: Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, jumladan, amerikalik mahbuslarni ozod qilishni ham orqaga surdi. Bu ishni u urushni cho‘zish uchun qildi. Mahbuslarni qaytarish uchun o‘t ochishni to‘xtatish kerak, Prezident Jo Bayden esa ikki davlat yechimi bo‘yicha yirik, dadil reja taqdim etishi lozim.
AQSH razvedkasi maxfiy hisobotiga ko‘ra, Isroil, go‘yo, yangi taktikadan foydalanib, XAMASni “yo‘q qilish” maqsadidan uzoqlashdi. Amerikaning “The Wall Street” nashri yozishicha, Qo‘shma Shtatlar razvedkasi Isroilning o‘ldirilgan XAMAS jangchilari haqidagi ma’lumotiga shubha qilmoqda.
K.Bekjonov tayyorladi.
O‘zA