Litvada fermerlar suyultirilgan gazga aksiz solig‘i oshirilishi, sut inqirozi kabi qator muammolarga qarshi chiqmoqda. Shu munosabat bilan poytaxt Vilnyusda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarining norozilik mitingi bo‘lib o‘tadi.
Mamlakat matbuoti xabar berishicha, seshanba kuni kechqurun Vilnyus markazi fermerlar va o‘rmonchilar texnika vositalari – traktorlar, yuk mashinalari bilan to‘lgan. Hukumat binosi oldida chiqish qilish uchun sahna qurila boshlangan.
Fermerlar hukumat e’tiborini bir necha masalaga – suyultirilgan gazga aksiz solig‘i oshirilishi, fermer xo‘jaliklari yuk mashinalari uchun dizel yoqilg‘isiga aksiz solig‘ini bekor qilish, ko‘p yillik o‘tloqlarni tiklash, qo‘riqlanadigan hududlarni rivojlantirish, sut yetishtirishdagi inqiroz va boshqa muammolarga qaratmoqchi.
Miting tashkilotchilaridan biri – Litva qishloq xo‘jaligi kengashi a’zosi Daynyus Arlauskas aytishicha, 1300 ga yaqin og‘ir texnika poytaxtning asosiy ko‘chalari va shaharga kirish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan. Aksiya ishtirokchilari barcha texnika vositalarini shahar markaziga joylashtirish niyatida.
– Gediminas ko‘chasi va Seym ro‘parasidagi maydon ham mashina bilan to‘lgan, bizning hisob-kitobga ko‘ra, bu yerda 600 ga yaqin traktor bor, – deydi Arlauskas. – Yana shuncha texnika boshqa belgilangan nuqtalarga joylashtiriladi, aniq manzilini ayta olmayman.
Ikki qatorda saf tortgan traktorlarga fermerlar talabi yozilgan shiorlar, qishloq xo‘jaligi vaziri Kyastutis Navitskasni masxaralovchi fotosuratlar osilgan.
Rokishk viloyatidagi dehqonchilik fermasi egasi Daynyus Mikalaychyunas namoyishchi fermerlar sarf-xarajatni o‘ylamasdan namoyish joyiga kelayotganini ta’kidladi. Zero, traktorda uzoqdan kelish uchun ko‘p yonilg‘i zarur. Uning aytishicha, muammolar juda jiddiy, shu bois fermerlar niyatidan qaytmoqchi emas.
Chorshanba va payshanba kunlari hukumat binosi oldida fermerlar va ularning tarafdorlari tomonidan norozilik mitingi o‘tadi. Aksiyada, taxminan, ikki mingdan besh minggacha odam qatnashishi kutilyapti.
Navitskas va ekologiya vaziri Simonas Gentvilas namoyishchilar bilan uchrashishga va’da bergan.
Kenja Bekjonov, O‘zA