Qozog‘iston parlamenti prezident Qosim-Jomart Toqayevning qozog‘istonlik harbiy xizmatchilarni BMTning tinchlikparvar kuchlari missiyasiga jo‘natish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Ma’lum qilinishicha, 139 nafar askar Jo‘lon tepaligi hududiga xizmatga jo‘natiladi.
“BMT missiyalarida ishtirok etish Qozog‘iston qurolli kuchlariga tinchlikparvar kuchlar amaliyoti uchun zarur bo‘lgan jangovar ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. BMTning Jo‘lon tepaligida kuzatuv olib borish missiyasida Qozog‘istonning 139 nafar harbiy xizmatchisidan iborat mustaqil milliy tinchlikparvar kuchlari o‘zining harbiy texnikalari, qurollari va zarur buyumlari bilan yuboriladi. Qozog‘istonlik tinchlikparvar kuchlar 2024 yil martdan jo‘natilishi rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda BMT bilan tomonlarning vazifalari belgilab berilgan shartnoma imzolanadi”, – dedi Qozog‘iston mudofaa vaziri Ruslan Jaksiliqov.
BMTning Yaqin Sharq, Janubiy Sudan Respublikasi va Abedagi missiyasida ishtirok etish uchun Qozog‘istondan jami 430 nafar harbiy xizmatchi jo‘natiladi.