Futbolda shunday to‘qnashuv borki, u oddiy o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lsa-da, intiqlik bilan kutiladi. Bu, shubhasiz – “El-klassiko”. Dunyo futbol ixlosmandlaridan tortib, mutaxassislarning katta qiziqishiga sabab bo‘ladigan “Real” va “Barselona” to‘qnashuvi doim e’tibor markazida bo‘ladi. Albatta, har bir mamlakatning “klassik” o‘yinlari bor. Ammo ular orasidagi hech biri “Real” va “Barselona” bahsidek o‘tmaydi.
Qariyb yuz yildirki ushbu ikki buyuk klub bellashuvi millionlab futbol muxlislari qalbining to‘ridan joy olib kelmoqda. 2024 yilning ilk “El-klassiko”si 15 yanvar kuni Ispaniya Superkubogi finali doirasida o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Bugungi futbol sharhimizning asosiy qismi “Real” hamda “Barselona” uchrashuviga qaratiladi. Sharh davomida o‘zbek futboli haqidagi ma’lumotlarni ham e’tiboringizga havola qilamiz.
Demak, Ispaniya Superkubogi yarim finalida “Real Madrid” – “Atletiko Madrid” bahsi o‘tkazildi. Unda muxlislar jami 8 ta gol ko‘rishdi. Ushbu o‘yinda “qaymoqranglilar” raqiblarini 5:3 hisobida taslim etdi. “Madrid derbisi” “King Saud University Stadium” stadionida o‘tkazildi. Unda “Atletiko Madrid” safida Ermoso hisobni ochgan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay Ryudiger javob qaytardi. Mendi esa hisobni 2:1 ko‘rinishiga olib keldi. Oradan ko‘p o‘tmay Grizmann aniq harakatlari bilan hisobning 2:2 bo‘lishini ta’minladi. 78-daqiqada “Real” futbolchisi Ryudiger o‘z darvozasiga to‘p yo‘lladi. Raqib darvozasiga ketma-ket hujumlar uyushtirgan “Real” 85-daqiqada o‘z maqsadiga yetdi. Karvaxal hisobni 3:3 ko‘rinishga keltirdi. Jamoalar qo‘shimcha bo‘limlarga yo‘l oldi. Unda “Atletiko” o‘yinchisi Savich ham avtogol muallifi bo‘ldi. O‘yindagi so‘nggi gol Dias tomonidan kiritildi.
Garchi Madridning “Atletiko” klubi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, jamoa hujumchisi Antuan Grizmann klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi. Fransiyalik futbolchining ushbu uchrashuvdagi goli klub safidagi 174-golga aylandi va 173 ta to‘p kiritgan Luis Aragonesni ortda qoldirdi. Shu tariqa, “Real” ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritib, finalga yo‘l oldi.
Ispaniya Superkubogi yarim finalidan o‘rin olgan “Barselona” – “Osasuna” uchrashuvida kataloniyaliklar qiyinchiliksiz 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinning 59-daqiqasida Gyundoganning uzatmasini Levandovski golga aylantirdi. 90+3 daqiqada esa kelajagi porloq deya e’tirof etilayotgan futbolchi Yamal oradagi farqni ikkitaga oshirib qo‘ydi.
Mazkur natijalar Ispaniya Superkubogi finalida “Real” va “Barselona” klublari to‘qnash kelishiga sabab bo‘ldi. Final uchrashuvi joriy yil 14 yanvardan 15 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.
Endi ushbu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvlar tarixiga bir nazar tashlasak. Ispaniya Superkubogi doirasida jamoalar jami 14 marotaba to‘qnash kelgan. Mazkur bahslarda “Real” 8 marotaba g‘alaba qozongan bo‘lsa, 4 uchrashuvda “Barselona”ning qo‘li baland kelgan. Ular o‘rtasidagi ikki uchrashuvda durang qayd etilgan. Mazkur o‘yinlarning 7 tasi musobaqaning final bosqichiga to‘g‘ri keladi. Gollar nisbati esa madridliklar foydasiga – 30/18. Kataloniyaliklar Superkubokda jami 14 marotaba bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Qirollik klubi esa ushbu sovringa 12 marta sazovor bo‘lgan.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, o‘tgan yilgi Ispaniya Superkubogi finalida ham bu ikki klub bir-biriga qarshi maydonga tushgan va unda Xavi shogirdlari 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. So‘nggi bor muxlislar 2023 yilning 28 oktyabr kuni mamlakat chempionati doirasida “Barselona” va “Real” uchrashuviga guvoh bo‘lgan. Mazkur bahs Kataloniyada bo‘lib o‘tgan, unda madridliklar 1:2 hisobida g‘alaba qozongan. 14 yanvar kungi “El-klassiko” Riyod shahridagi “Al – Awwal” stadionida o‘tkaziladi.
Endi Yevropa va mamlakatimiz futbolida sodir bo‘lgan boshqa voqealarga e’tibor qaratamiz.
Italiya kubogining chorak finalidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar yakunlandi. Shu tariqa, Italiya kubogining yarim final juftliklari ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, “Fiorentina” – “Atalanta”, “Latsio” – “Yuventus” klublari final bosqichiga chiqish uchun o‘zaro raqobatlashadi. Ushbu o‘yinlar 4 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Musobaqa finali esa 15 mayda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xabaringiz bor, “Navbahor” jamoasi ayni paytda yangi mavsumga tayyorgarlik doirasida Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Mazkur yig‘in davomida Samvel Babayan shogirdlari 4 ta nazorat-sinov bahslarini o‘tkazadi.
Jumladan, “lochinlar” 13 yanvar kuni Qozog‘istonning “Qiziljar” (Petropavlovsk), 17 yanvar sanasida Janubiy Afrikaning “Gelaksi”, 21 va 27 yanvar kunlari esa Rossiyaning “Axmat” (Grozniy) hamda “Spartak” (Varna) jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Navoiyning “Qizilqum” jamoasi yangi mavsum oldidan o‘z tarikibiga Latviya terma jamoasi darvozaboni Robert Ozolsni qo‘shib oldi.
“CIES” tadqiqot nashri so‘nggi 10 yil ichida akademiya futbolchilarining sotuvidan eng ko‘p daromad olgan klublar reytingini tuzib chiqdi. Unga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida eng katta sotuv Portugaliyaning “Benfika” jamoasida bo‘lgan. Lissabon jamoasi yarim milliard yevrodan ziyodga akademiya futbolchilarini pullagan. Undan keyingi o‘rinlardan “Ayaks” (376 million yevro) va “Lion” (370 million yevro) joy olgan.
Keyingi futbol sharhimiz Osiyo kubogi va terma jamoamiz uchrashuvlariga qaratiladi. Shu bilan birga, futbolga oid qiziqarli yangiliklar bilan ham tanishtirib o‘tamiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA