Ertaga, 12 yanvar kuni Qatar poytaxti Doha shahrida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi final bosqichining guruh o‘yinlariga start beriladi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimidan so‘ng ilk uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da Qatar va Livan o‘rtasida boshlanadi. Shu bilan birga, turli guruhlarda belgilangan uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Biz uchun ahamiyatlisi, kubok bahslarining “B” guruhidan o‘rin olgan o‘yinlardir. Ushbu guruh uchrashuvlari 13 yanvar kuni start oladi. Unda O‘zbekiston, Suriya, Hindiston va Avstraliya terma jamoalari o‘zaro pley-off bosqichi uchun o‘zaro raqobatlashadi.

Srechko Katanets boshchiligidagi terma jamoamizning dastlabki o‘yini 13 yanvar kuni soat 22:30 Suriya termasiga qarshi o‘tkaziladi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 18 yanvar kuni Hindiston bilan soat 19:30da, avstraliyalik futbolchilar bilan esa 23 yanvar kuni soat 16:30 o‘zaro kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur uchrashuvlardagi vaqt Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, O‘zbekiston milliy terma jamoasining har bir uchrashuvini tajribali futbol mutaxassislari kuzatishi shubhasiz. Bunga sabab, jamoamizda Eldor Shomurodov yo‘qligida asosiy e’tibor legioner maqomida o‘ynash tajribasiga ega bo‘lgan Oston O‘runov, Rustam Ashurmatov, Abbosbek Fayzullayev, Hojimat Erkinov va Abduqodir Husanovga qaratiladi.

Umid qilamizki, bu yilgi Osiyo kubogida terma jamoamiz ulkan muvaffaqiyatga erishadi va futbol tariximizda yangi sahifa ochadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA