Endi chiqindi xizmatlari uchun qarzdorligi bor abonent to to‘lovni amalga oshirmagunga qadar elektr energiyasi uchun ham hisob-kitob qila olmaydi

323

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga muvofiq, belgilangan tartibda avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatgan tadbirkorlik sub’ektlariga ekologik huquqbuzarliklarni qayd etish va Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar berish huquqi beriladi. Bunda tadbirkorlik sub’ektlari javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘larning 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Aholiga o‘z tashabbusi bilan chiqindixonalarga aylangan yoki tizimli ravishda chiqindilar noqonuniy ravishda tashlab ketilishi kuzatiladigan hududlarda o‘z mablag‘lari hisobidan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish yuzasidan Vazirlikka buyurtma imkoniyati yaratiladi. Bunda javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘larning 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan buyurtma bergan shaxslar rag‘batlantiriladi.

Ekologik patrulga jalb qilingan Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi xodimlari ekologik huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘larning 10 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Qaror bilan “Xavfsiz shahar” integratsiyalangan tizimi doirasida kameralar orqali ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash tizimi joriy qilinadi.

Sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarini yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari rag‘batlantirib boriladi:

Har yili eng uzoq (kamida 10 yil) va sadoqatli xizmat ko‘rsatgan xodimlar uchun “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkaziladi, hamda ulardan 100 nafarining davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga kontraktining to‘liq summasini Ekologiya jamg‘armasi to‘lab beradi. Bunda, talabalarga kelgusida davlat organlari va tashkilotlarda kamida 3 yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

Har yili “Eng toza mahalla” tanlovi o‘tkaziladi, g‘olib bo‘lgan 14 ta mahallaga chiqidi yig‘ish maydonchalarini qurish, mahalladagi ijtimoiy ob’ektlarga chiqindi konteynerlarini o‘rnatish va ko‘chat ekish uchun jami 500 million so‘mdan o‘tkazib beriladi. Xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektormobil xarid qilish imkoni beriladi.

2024 yil 1 aprelga qadar chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jarima miqdori oshiriladi. Chiqindilar tashlab ketilgan joyni tozalash va chiqindilarni olib chiqib ketish majburiyati huquqbuzarlar zimmasiga yuklatiladi.

2024 yil 1 apreldan boshlab barcha sanitar tozalash korxonalari Yagona elektron tizimga ulanadi. Ushbu talabni bajarmagan korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilinadi va ular xizmat ko‘rsatadigan hududlar davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa korxonalarga biriktiriladi.

Mazkur qarorda ko‘pchilik e’tibor berishi zarur bo‘lgan yana bir muhim jihat bor. Chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlarni SMS orqali xabar qilib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida oldindan elektron tizim orqali ogohlantiriladi. To‘lov amalga oshirilmasa, abonentni chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorligi bartaraf etilmaguniga qadar u elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirolmaydi.

Vaqtinchalik cheklash amaliyoti quyidagi bochqichlarda joriy etiladi:

1-bosqichda – Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 2024 yil 1 iyundan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;

2-bosqichda – respublikaning barcha hududlarida 2024 yil 1 noyabrdan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 o‘y davomida shakllangan qarzdorlik uchun;

3-bosqichda – respublikaning barcha hududlarida 2025 yil 1 yanvardan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun.

O‘zA