“Qaynoq chegirmalarga marhamat” yohud noto‘g‘ri va ishonchsiz reklamalarga ishonmang

So‘nggi kunlarda internet, ijtimoiy tarmoqlarda aksiyalar, tovarlarning kelishilgan miqdorini sotib olish sharti bilan taqdim etiladigan chegirmalar, mavsumiy chegirmalar tashkil qilinganligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Bunda ko‘pincha muayyan holatga chegirmalar (kompaniyaning yilligi, milliy bayram va boshqalar) keng qo‘llaniladi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim yirik savdo tarmoqlari foyda olish maqsadida ko‘pincha xaridorlar bilan turli xil manipulyatsiyalarga kirishishi, masalan, dastlab taklif qilinadigan tovarlarning narxlari iloji boricha haddan tashqari oshirib yuborilishi, so‘ngra ularning narxi haqiqiy narxigacha tushirilishi mumkin. Bunda xaridorlar tomonidan chegirmali tovarlarni xarid qilish orqali ularda foydali xarid hayolini illyuziyasini keltirib chiqarishi mumkin.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining ma’lum qilishicha, odatda ko‘pincha, bayramlar oldidan yirik savdo markazlari va do‘konlar tovar narxlarini keskin ko‘tarishi, keyin esa chegirmalar e’lon qilish orqali go‘yoki, tovar narxlarini keskin tushirilganligi to‘g‘risida reklamalar beriladi, haqiqatda esa chegirmadagi tovar narxini eski narxdagi holatiga qaytarib, go‘yoki 20-30 foiz chegirmalar qo‘llanilgandek ko‘rsatishadi.
Qo‘mita o‘z navbatida, tovarlarni, mahsulotlarni chegirma bilan sotish holatlariga e’tiborliroq bo‘lish, tovarlarni sotib olishdan oldin uning sifati va nuqsonsiz ekanligini tekshirishni unutmaslikka chaqiradi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasida reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish bilan bog‘liq munosabatlar “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi. Mazkur Qonunning 16-moddasiga ko‘ra, nomaqbul (noto‘g‘ri, axloqsiz, yashirin, shuningdek ushbu Qonun talablariga mos kelmaydigan) reklamalar taqiqlangan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tovarlarlarni chegirma bilan xarid qilishda to‘siq va muammolar yoki noto‘g‘ri va ishonchsiz reklamalarni tarqatish holatlari kuzatilgan taqdirda Qo‘mita ishonch raqami orqali (1159) murojaat qilishingiz so‘raladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA