2023 yilda aholining huquqiy himoyasiga qaratilgan qonunlar qabul qilindi

293

Yakunlangan yil sarhisobini qilish yangi yilgi rejalarni tuzib olish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni takrorlamaslik hamda faoliyatni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Ayni kunlarda davlatimizning qonun chiqaruvchi organi — Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham o‘tgan yil sarhisobi va bu yilgi rejalar muhokama qilinmoqda. Bu borada brifinglar tashkil etilib, ochiqlikni ta’minlagan holda OAV vakillariga ma’lumot berilmoqda.

Quyi palataning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan brifingda qo‘mita raisi Jahongir Shirinov 2023 yildagi faoliyati haqida axborot berar ekan, 6 ta yo‘nalishda ish olib borilganini ta’kidladi.

Xususan, qo‘mita qonun ijodkorligi yo‘nalishida 38 ta qonun loyihasi uchun mas’ul bo‘ldi. Ushbu qonunlar bilan fuqarolar va tadbirkorlarning sudga shikoyat qilish imkoniyatini kengaytirish maqsadida sudga shikoyat qilishning uch oylik muddati olti oygacha uzaytirildi. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisob-varaqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz olib qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari belgilandi.

Aholiga huquqiy himoya ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun talab etiladigan ikki yillik ish staji bekor qilindi. Qolaversa, aholi tomonidan ma’muriy jarimalarning 50 foizi o‘z vaqtida to‘langan taqdirda qolgan yarmidan ozod qilish belgilandi.

Shuningdek, qo‘mita tomonidan 2 ta yaxlit qonun loyihasi ustida ish olib borildi. 2023 yilda qo‘mita a’zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan 6 ta qonun loyihasi Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi va qabul qilindi.

Hisobot yilida qo‘mita tashabbusi bilan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan davlat va boshqaruv organlari mansabdor shaxslariga 2 ta parlament so‘rovi yuborildi. Shuningdek, qo‘mita a’zolari tomonidan mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 8 ta deputat so‘rovi yuborildi.

Qayd etilganidek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, ularni hal etishga alohida e’tibor berildi. Qo‘mita nomiga kelib tushgan jami 2 ming 348 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan holda, ularning salmoqli qismini bartaraf etishga erishildi.

Shuningdek, hisobot davrida qo‘mita tomonidan aholi bilan yaqindan muloqot qilish, saylovchilar bilan tizimli ish olib borish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining qabullari o‘tkazilgan. Jumladan, qo‘mita a’zolarining turli masalalar yuzasidan qabullari tashkil etilib, ularda fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning aksariyati deputatlar sa’y-harakati bilan o‘z yechimini topgan.

Muhtarama Komilova, O‘zA