Gruziya 2030 yilgacha Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish uchun to‘liq tayyor bo‘ladi, dedi hukumatni boshqarayotgan “Gruziya orzusi – demokratik Gruziya” partiyasi raisi Irakliy Kobaxidze “Imedi” telekanalida chiqish qilganida.
Siyosatchi Gruziya va Moldovaning imkoniyatlariga baho berar ekan, Gruziya ikki yil ichida iqtisodiy ko‘rsatkichlarni keskin oshirganini ta’kidlagan. Uning fikricha, bu YeIga kirish uchun hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.
Dekabrda bo‘lib o‘tgan YeI sammitida Ukraina va Moldovaning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilingan edi. Muzokaralar 2024 yil mart oyida yoki keyinroq boshlanishi mumkin. Sammitda shuningdek, Gruziyaga ham hamjamiyatga a’zo bo‘lish uchun nomzod maqomi berilgani e’lon qilingandi.