O‘zbekistonga 4,9 million nafar xorijlik sayyoh kelgan

292

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tahliliga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar soni 4,9 million nafarga yetgan. Oxirgi uch yilda turistlar oqimi qariyb 3 barobar ko‘paygan. 2021 yilda esa xorijlik sayyohlar soni 1,8 million nafarni tashkil qilgan edi.

2023 yilda O‘zbekiston Amerikaning Travel Lemming onlayn sayohat qo‘llanmasida dunyodagi 50 ta eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi ro‘yxatidan joy oldi va 9-o‘rinni egalladi. Ushbu qo‘llanma har yili dunyo bo‘ylab yangi yo‘nalishlar va o‘ziga xos noyob maskanlar haqida ma’lumot beradi va uni 6 milliondan ko‘proq sayohatchi o‘qiydi.

Shuningdek, o‘tgan davrda turizm xizmatlari eksporti 1 milliard 830 million dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilda 1 milliard 041,1 million dollarni tashkil etgan edi.

Ta’kidlash joizki, dunyodagi 91 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kelish uchun vizasiz tartibdan foydalanishi mumkin. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Qozog‘istonga 26 ta, Turkiyaga 41 ta, Gruziyaga esa 56 ta mamlakat fuqarolari vizasiz kela oladi.

Xulosa shuki, mazkur raqamlar sohaning salohiyati katta ekanligidan dalolat beradi. Shu sababli, bugungi kunda yurtimizda bu sohada infratuzilma obektlarini yanada ko‘paytirish va ichki turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA