Osiyo futbol konfederatsiyasi Qatarda o‘tadigan qit’a kubogi musobaqasida faoliyat olib boradigan o‘zbekistonlik bir qator mutaxassislarga chaqiruv xatini yo‘lladi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 4 nafar malakali mutaxassisi qit’a kubogi o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish ishlarida bevosita ishtirok etadi.
Hamyurtimiz O‘FA bo‘lim boshlig‘i Muhammad Sodiq Sodiq-Oxunov qit’a kubogi bahslarida akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha koordinator, Yoqubjon Soxibov Dohadagi “Jassim bin Hamad” stadionida marketing masalalari bo‘yicha menejer, Sanjar Haydarov stadionlarda axborot-ko‘ngilochar tizimi koordinatori, Islom Ro‘ziyev Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiy fotosuratchisi sifatida faoliyat olib borishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 yanvar-10 fevral kunlari o‘tkaziladigan Osiyo kubogi o‘yinlarida qit’a mamlakatlarining 24 ta milliy terma jamoalari ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA