Yaponiyaning Isikava hududi kuchli zilzila oqibatlarini boshdan kechirmoqda. Deyarli 100 ming yapon uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Bu haqda “The guardian” xabar berdi.

Yaponiyaning markaziy qismida ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi. Sunami xavfi darajasi pasaygan, biroq yuz mingga yaqin yaponiyalik kecha tunni evakuatsiya markazlarida – maktablar va sport zallarida o‘tkazgan.

1 yanvar kuni Isikava hududida 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bosh vazir Fumio Kisida so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa, g‘arbiy qirg‘oq zonasi zarar ko‘rgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan jabrlanganlarni qutqarishga harakat qilmoqda.

– Katta zarar yetkazilgani, jumladan,  qurbonlar borligi, binolar qulashi va yong‘inlar qayd etilgani haqida xabar oldim. Hozirda kuzatilayotgan elektr, suv va aloqa uzilishlariga kelsak, xodimlar ularni joyida tiklash ustida ishlamoqda, – dedi Fumio Kisida.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida jabrlangan hududlarga olib boruvchi yo‘llar buzilib ketgani, yordamga muhtojlarning hammasiga hali yetib bora olmayotgani qutqaruv ishlarini  murakkablashtirmoqda.

Mamlakatning Noto yarimorolidagi eng ko‘p zarar ko‘rgan hududiga ming nafar harbiy jo‘natilgan. Hududdagi aeroportlardan biri uchish-qo‘nish yo‘lagidagi yoriqlar tufayli yopilishga majbur bo‘ldi.

Meteorologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni ertalabdan beri Yaponiyada turli magnitulalarda 155 ta zilzila sodir bo‘lgan. Yerosti silkinishlari davom etishi kutilmoqda.