Isroilning amaldagi bosh vaziri Binyamin Netanyaxu uchta moddada: poraxo‘rlik, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. Sud jarayoni kelasi yilning fevralida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Isroil Oliy sudiga tayanib, “Anadolu” agentligi xabar berdi.
G‘azo sektoridagi urush tufayli bosh vazir tinglovlarga muntazam qatnasha olmayotgani uchun haftada ikki marta uchrashuvlar o‘tkazishga qaror qilinganligi aytiladi.
Biroq fevral oyigacha korrupsiya, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilishda gumon qilinayotgan Netanyaxu ustidan sud jarayoni to‘liq ishga tushishi mumkin. Shuningdek, u o‘z manfaati evaziga dabdabali sovg‘alar olganlikda gumon qilinmoqda. Tergovda moliyalashtirish bilan bog‘liq boshqa holatlar ham o‘rin olgan. Netanyaxuga qarshi 2020 yildan beri davom etayotgan sud jarayoni Isroil va Xamas harakati o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygach, vaqtincha to‘xtatilgan edi. Kelasi yil fevral oyida davom ettirilishi kutilayotgan sudda uning ayblari tasdiqlansa, korrupsiya moddasiga ko‘ra u uzoq muddat qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Qolgan holatlar uchun 3 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan. Bosh vazirning o‘zi esa aybsizligini ta’kidlab, har uchala ayblovni ham rad etib keladi.