YUNESKO bosh direktorining ijtimoiy va gumanitar fanlar bo‘yicha o‘rinbosari Gabriela Ramos Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi yakunlari, shuningdek, O‘zbekiston va ushbu tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikning holati hamda istiqbollari haqida fikr-mulohazalarini bayon etdi.

– Agar o‘tgan yil davomida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, 2023 yil YUNESKO va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirish nuqtai nazaridan boy va samarali bo‘ldi.

O‘zbekiston YUNESKOning juda muhim a’zosi, chunki siz va men madaniyat, ta’lim va ilm-fan sohalarida birgalikda targ‘ib qiladigan qadriyatlarga egamiz.

Masalan, YUNESKO qarorgohida bu yil buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini tantanali ravishda nishonladik. Sun’iy intellekt sohasida axloqni targ‘ib qilish orqali ilmiy muloqotni rag‘batlantirish maqsadida Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etish bo‘yicha ishlar qizg‘in davom etmoqda. Chunki bu O‘zbekiston bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

2021 yilda O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishga tushirgan «Xiva jarayoni» platformasi doirasida biz Markaziy Osiyoda sun’iy intellekt sohasida axloqiy tavsiyalarni ilgari surish bo‘yicha faol ish olib borayapmiz.

O‘zbekiston erta yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik va ta’lim, shuningdek, madaniy sohadagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga katta hissa qo‘shishda davom etmoqda.

Joriy yilda O‘zbekistondan bir qancha yangi ob’ektlar va elementlar Umumjahon merosi va Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga, yurtingiz tarixiga oid bir qator arxiv va kitob fondlari esa «Jahon xotirasi» xalqaro reyestriga kiritildi.

Asosiy yutuq, albatta, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy tashabbusi YUNESKO tomonidan ma’qullangani bo‘ldi. Buning sharofati bilan barchamiz 2025 yilda Samarqandga Bosh konferensiyaning 43-sessiyasida ishtirok etish uchun tashrif buyurishga umid qilamiz. Biz buni intiqlik bilan kutayapmiz. Chunki, YUNESKOning uzoq vaqtdan beri asosiy tadbiri birinchi marta shtab-kvartiradan tashqarida bo‘lib o‘tadi. 2000 yildan buyon Umumjahon madaniy merosi ob’ekti bo‘lgan Samarqand go‘zalligidan bahramand bo‘lish imkoniyati uchun minnatdorlik bildiraman.

Shu bilan birga, ushbu bosqich O‘zbekiston YUNESKO uchun naqadar muhim ekanini yana bir bor ta’kidlash joiz. Ajoyib mamlakatingiz doimo o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik chorrahasi bo‘lib xizmat qilib kelgan, shuningdek, tashkilot mandatini ilgari surishda bebaho yordam ko‘rsatmoqda.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini kirib kelayotgan Yangi yil bilan YUNESKO nomidan samimiy tabriklayman va 2024 yil uchun eng ezgu tilaklarini bildiraman.

O‘zA