Mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi ustuvor yo‘nalishlari hamda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash vazifalari prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish zaruriyatini taqozo etmoqda.
O‘tgan davr mobaynida huquqni qo‘llash holatini kompleks tahlil qilish, qonunbuzilishlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rish, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlash, tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan prokuratura organlari xodimlarini zarur bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish borasida muayyan ta’lim va ilmiy salohiyat shakllantirildi.
Xususan, 2007-yildan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tuzilmasida rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi Oliy o‘quv kurslari faoliyat yuritmoqda. Oliy o‘quv kurslarida 2007-2017 yillar davomida 4318 nafar xodimning malakasini oshirish va 186 nafar rahbar kadrlarni qayta tayyorlash ta’minlandi.
Shu bilan birga, prokuratura organlari faoliyatining mutlaqo yangi yo‘nalishlari belgilanganligi, ularning amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlardagi o‘rni kuchaytirilganligi yuklatilgan vazifalarni samarali bajara oladigan munosib kadrlar tarkibini shakllantirishni talab etmoqda.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi (keyingi o‘rinlarda Akademiya deb yuritiladi) etib qayta tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Akademiya faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:
prokuratura organlari xodimlarida bilim va ko‘nikmalarni, shu jumladan, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlashni, shaxsiy va ishchanlik sifatlarini rivojlantirish va takomillashtirishni, qonunlarga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishi yuzasidan adolat va mas’uliyat kabi yuksak tuyg‘ularini shakllantirish va mustahkamlashni ta’minlovchi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etish;
zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, masofaviy ta’limni, o‘qitish va treninglarni interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarini keng joriy etish;
prokuratura organlari faoliyatini ilmiy-metodik jihatdan ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini qo‘riqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasining dolzarb muammolari yuzasidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini, shu jumladan, milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish;
qonunchilikni takomillashtirish va yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish;
o‘qitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqlikka tayangan holda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash;
prokuratura organlari faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;
huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish;
prokuratura organlari faoliyatini psixologik jihatdan ta’minlash, nomzodlarni xizmatga qabul qilishda kasbiy-psixologik tanlov o‘tkazish, prokuratura organlaridagi ma’naviy-psixologik muhitni o‘rganish va uni yaxshilash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, normativ-huquqiy, metodik va tahliliy xususiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlarni almashish, o‘quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, pedagog, ilmiy xodimlar va tinglovchilarning stajirovkalarini tizimli ravishda tashkil etish sohalarida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
o‘quv jarayonining sifatini oshirish bo‘yicha tajriba almashish, sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida yuridik kadrlarni tayyorlovchi, qayta tayyorlovchi va ularning malakasini oshiruvchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot, shu jumladan, xorijiy davlatlar muassasalari bilan samarali idoralararo hamkorlikni chuqurlashtirish.
3. Belgilansinki:
a) Akademiyada kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirish quyidagi dasturlar bo‘yicha amalga oshiriladi:
prokuror-tergov ishi va prokuratura organlarida ish yuritishni tashkil qilish asoslarini o‘qitishga yo‘naltirilgan, davomiyligi 576 soatdan kam bo‘lmagan prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni birlamchi ixtisoslashuv shaklida kasbiy qayta tayyorlash;
prokuror-tergov va tahliliy ishlarni yuritish, norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish yuzasidan kasbiy bilim hamda ko‘nikmalarni chuqurlashtirishga, shuningdek, ishni tashkil etishning innovatsion shakllari va metodlarini hamda boshqaruv asoslarini o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan, davomiyligi 576 soatdan kam bo‘lmagan prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash;
qonunchilikdagi yangiliklar mazmun-mohiyatini yetkazish, kasbiy ko‘nikma va malakalarni takomillashtirish, prokuror-tergov ishining ilg‘or yutuqlarini o‘rgatish, shuningdek, prokuratura organlari xodimlari faoliyatidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan, davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirish;
b) prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirishning davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi;
v) prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlar prokuratura ish o‘rganuvchilari lavozimiga tayinlanguniga qadar mazkur Farmon 3-bandi “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan kasbiy qayta tayyorlashdan o‘tadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga:
Akademiyada asosiy ish joyidan ajralgan yoki ajralmagan holda qisqa muddatli va boshqa kurslarni tashkil etish;
istisno tariqasida, mazkur Farmon 3-bandi “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan kasbiy qayta tayyorlashdan o‘tmagan shaxslarni prokuratura organlariga xizmatga qabul qilish huquqi berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Akademiyada 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab magistrlarni, shu jumladan, boshqa mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotga va prokuratura organlarida kamida 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgan prokuratura organlari xodimlari hisobidan tayyorlash haqidagi taklifi bilan kelishilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda Akademiya magistraturasiga qabul qilish kvotalarini belgilasin.
5. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga:
Akademiyaning tuzilmasiga belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
o‘quv jarayonini ta’limning kunduzgi, kechki, sirtqi va masofaviy shakllari asosida tashkil etish huquqi berilsin.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
Akademiya prokuratura organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun mas’ul ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘lib hisoblanadi;
Akademiyaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi;
prokuratura organlari xodimlari kelgusida prokuratura organlarining o‘zlari egallab turgan lavozimiga teng bo‘lgan boshqa lavozimlarida xizmatni davom ettirishini ta’minlagan holda Akademiyada xizmat o‘tash uchun rotatsiya tartibida jalb etilishi mumkin;
Akademiya xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi;
darajali unvonga ega bo‘lgan Akademiya xodimlari prokuratura organlari tarmoqlarida stajirovka o‘tash davrida prokuratura organlari xodimlarining tegishli vakolatlaridan foydalanadilar va maqom bo‘yicha Akademiya tegishli tarmoqlari (bo‘limlari)ning prokurorlari bo‘lib hisoblanadilar;
2018 yilning 1 iyunidan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan Akademiya xodimlariga prokuratura organlari xodimlari uchun belgilangan oshirilgan tarif koeffitsiyenti va alohida mehnat sharoitlari uchun har oylik ustama hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha haq va ustamalarni o‘z tarkibiga oluvchi lavozim maoshiga 100 foiz miqdorda har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi;
Akademiya faoliyati Davlat byudjeti, Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi va prokuratura organlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
7. Belgilab qo‘yilsinki, Akademiyada to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan kelib tushadigan mablag‘lar Akademiyaning o‘quv va moddiy-texnik bazasini rivojlantirish hamda uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
8. Akademiyaga:
yetakchi o‘quv muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning yuqori malakali mutaxassis va ekspertlarini shartnoma asosida o‘quv jarayoniga jalb qilishga;
prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun birlamchi ixtisoslashuv shaklidagi kasbiy qayta tayyorlash dasturi bo‘yicha ta’lim olayotgan nomzodlarning yashash va ovqatlanish xarajatlari uchun to‘lovlarni prokuratura organlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirishga ruxsat berilsin.
9. Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar Akademiyaga o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, shu jumladan, tajribali mutaxassislarni jalb etish hamda ilmiy-amaliy stajirovkalarni tashkil etish borasida har tomonlama ko‘maklashsin.
10. Akademiya:
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirlik va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari;
Akademiya axborot-resurs markazini mustahkamlash uchun bosma va kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar)ning bepul nazorat nusxalari (bir nusxada);
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sudi, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axborotlari majburiy yuboriladigan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi uch oy muddatda:
Akademiya Ustavini, prokuratura organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari to‘g‘risidagi Nizomni, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari o‘quv rejalari va dasturlarini, Akademiya magistraturasiga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlasin;
Mazkur Farmon talablariga muvofiq Akademiya shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlasin;
Akademiyani o‘qitishning zamonaviy shakl va uslublarini qo‘llash ko‘nikmalariga hamda amaliy ish tajribasiga ega, shuningdek, xorijiy tillarni egallagan malakali kadrlar bilan to‘ldirsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi:
Akademiyaning o‘quv jarayoni va ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan, videokonferensaloqa va masofaviy ta’lim usullaridan foydalangan holda “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘iga ulanishini;
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondiga va yetakchi xorijiy axborot-kutubxona resurslari fondlariga doimiy va uzluksiz ravishda kirishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur Farmon talablariga muvofiqAkademiyaga zarur mablag‘larni 2018-yil uchun ajratsin, 2019 yildan boshlab esa ularni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Akademiyani joylashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi binolarining yagona majmuini qurish doirasida Akademiya qurilishini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 7-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–727-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ba’zi qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 8-may