O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va suv iste’moli sohasida nazorat tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi PF–5418-son “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb yuritiladi) tashkil etilganligi;

2018-yil 1-avgustdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi, Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasi, Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi, “O‘zsuvnazorat” respublika suv inspeksiyasi, “O‘zdavurug‘nazoratmarkaz” qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi tugatilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. 2018-yil 1-avgustdan “O‘zstandart” agentligining “O‘zbekiston paxta mahsulotlarini sertifikatlash “Sifat” markazi” davlat korxonasi tugatilsin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Inspeksiya tugatilayotgan tashkilotlarning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

tugatilayotgan tashkilotlarning qonun hujjatlarida belgilangan vazifalari, funksiyalari va vakolatlari Inspeksiyaga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tugatilayotgan tashkilotlar xodimlarining ishga joylashtirilishini ta’minlashga ko‘maklashsin.

4. Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

a) qishloq va suv xo‘jaligi, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi holati;

paxta va don ekinlarining urug‘larini davlat tomonidan buyurtma qilish, tayyorlash, alohida qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha talablarga rioya qilinishi;

qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralarini davlat buyurtmasining rejali amalga oshirilishiga muvofiq hajmlarda shakllantirish bo‘yicha talablar bajarilishi;

don ekinlari, paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari, shuningdek, ulardan qayta ishlangan mahsulotlar davlat resurslarining sifati, ulardan oqilona hamda maqsadli foydalanilishi, ularning sifatli saqlanishi hamda nobudgarchiligi kamaytirilishi ta’minlanishi;

qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va urug‘lari sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, akkreditatsiya sohasiga muvofiq urug‘larni sertifikatlash, urug‘ hamda ko‘chat materiallarining sifatini aniqlash va nazorat qilish bo‘yicha ishlarning amalga oshirilishi;

qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, Inspeksiya zimmasiga yuklatilgan vazifalar doirasida aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortish orqali qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etilishi;

sun’iy suv obyektlarida suvdan oqilona va samarali foydalanilishi hamda suvdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi;

idoraviy bo‘ysunuvidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarda chorvachilikda naslchilik ishlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi;

qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining, ularning ekspluatatsiya qilinishi, sifati samaradorligining, servis va ta’mirlash xizmatlarining texnik holati ustidan nazoratni amalga oshirish;

b) eksport-import va respublika ichidagi tashishlarda don ekinlari, paxta xom ashyosi, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ulardan qayta ishlangan mahsulotlar sifatini majburiy davlat tekshiruvidan o‘tkazish;

v) huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

g) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish.

5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Moliya vazirligining:

Inspeksiya huzurida “Agrosanoat majmuida xizmat ko‘rsatish markazi” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi);

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasini rivojlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Markaz tomonidan Inspeksiyaning nazorat funksiyalarini amalga oshirish uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi.

6. Belgilansinki:

a) quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:

normativ hujjatlar talablariga muvofiq namunalar tanlab olish

va mahsulotni identifikatsiyalash;

ko‘rsatilgan akkreditatsiya sohasiga muvofiq tarzda paxta tolasi, paxta momig‘i, paxta va qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari, shuningdek, don va ulardan qayta ishlangan mahsulotlar sinovlarini tashkil etish hamda o‘tkazish;

muvofiqlik sertifikati berish, o‘lchovlar bir xilligini va metrologik nazoratni amalga oshirishni ta’minlash ishlarini bajarish;

paxta tolasi shiradorligini aniqlash, paxta tolasi va momig‘i toylari massasi nazoratini amalga oshirish;

paxta tozalash va yog‘-moy sanoati korxonalari, paxta mahsulotlarining xaridorlari hamda boshqa tashkilotlar uchun sertifikatlanadigan paxta mahsulotlari tashqi ko‘rinishining standart namunalarini tayyorlash, restavratsiya qilish va ular bilan ta’minlash;

rayonlashtirilgan va istiqbolli qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining nav sofligini tuproqdagi tahlil orqali tekshirish hamda natijalarini manfaatdor tashkilotlarga yuborish;

b) Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalardan shakllantiriladi:

Markaz daromadlarining 20 foizi;

qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va suv iste’moli sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun Inspeksiya vakolatlari doirasida qo‘llanilgan jarima sanksiyalari umumiy summasining 40 foizi;

Inspeksiya xodimlari tomonidan solinadigan jarimalar miqdorlarining 50 foizi;

traktorlar, traktor tirkamalari, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari, o‘zi yurar mashinalar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, guvohnomalar, raqam belgilari va texnik pasportlar berish uchun undiriladigan yig‘imlar miqdorining 80 foizi;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.

7. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi markaziy apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalarining, tumanlar (Quvasoy shahar) bo‘limlarining namunaviy tuzilmalari 2 va 3-ilovalarga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi Nizom 4-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom 5-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi markaziy apparati, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalari, tuman (Quvasoy shahar) bo‘limlari xodimlarining Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlari 6-8-ilovalarga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Inspeksiya boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlarining cheklangan soni 1 795 nafar etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga:

zarur hollarda, Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari tashkiliy-shtat tuzilmalariga belgilangan umumiy shtat birliklari doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kiritish huquqi berilsin.

9. Belgilab qo‘yilsinki, Inspeksiya:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimiga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan boshliq tomonidan boshqariladi;

o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga hisobdordir.

Inspeksiya boshlig‘i maqomi, mehnatiga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish shartlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosariga tenglashtirilsin.

10. Belgilansinki:

Inspeksiya ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, tugatilayotgan idoralar, muassasalarning 9 896 ta shtat birligi optimallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining bo‘shayotgan mablag‘lari hamda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda ish haqi fondi va majburiy ajratmalarni optimallashtirish hisobidan shakllanadigan ish haqi fondining tejalgan summasi Inspeksiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga hamda boshqa xarajatlariga yo‘naltiriladi;

Inspeksiya xodimlari lavozimlariga oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar (huquqshunoslar, agronomlar, iqtisodchilar, moliyachilar, muhandislar va boshqalar) tayinlanadi;

Inspeksiyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa organlardan ishga qabul qilingan xodimlariga darajali unvonlar berish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan hal etiladi;

darajali unvonlarga ega bo‘lgan Inspeksiya xodimlari prokuratura organlari xodimlari hisoblanadi hamda ularga prokuratura organlari xodimlari uchun belgilangan imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy himoya choralari tatbiq etiladi;

Inspeksiya organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish

uchun zarur bo‘lgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar ularning qonuniy talabiga ko‘ra bepul taqdim etiladi;

davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar mazkur qarorga muvofiq Inspeksiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda har tomonlama ko‘maklashishi shart.

11. Inspeksiya:

2018-2019 yillar davomida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan yuqori malakali mutaxassislar va o‘qituvchilarni jalb qilgan holda tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslarida, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tarmoq markazlarida yangidan to‘ldirilgan, shu jumladan rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etilishini ta’minlasin, shuningdek, keyinchalik qayta tayyorlash va malaka oshirish amaliyotini har uch yilda joriy etsin;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan birgalikda bir oy muddatda o‘qitishning interfaol va innovatsion usullarini qo‘llashni, sinov laboratoriyalarida, qayta ishlash korxonalarida (zavodlarda) va boshqa obyektlarda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishni nazarda tutgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarni tasdiqlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish uchun auditoriyalar ajratilishi hamda jihozlanishini ta’minlasin.

12. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar tomonidan Inspeksiya xodimlari zimmasiga ularning vakolatiga kirmaydigan vazifalarning yuklanishi taqiqlanadi.

13. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Moliya vazirligi:

bir hafta muddatda Inspeksiyaning shtatlar jadvali va xarajatlar smetalarini tasdiqlasin;

bir oy muddatda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarganligi uchun Inspeksiya xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

14. Belgilansinki, Inspeksiya talabnomalari bo‘yicha:

“O‘zavtosanoat”AJ O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan me’yorlarga muvofiq xizmatda foydalanish uchun avtotransport vositalari ajratilishini ta’minlaydi;

“O‘zbekneftgaz” AJ “O‘zdavneftgazinspeksiya” DI bilan kelishilgan holda xizmat va maxsus avtotransport vositalari hamda generatorlar uchun kerakli hajmda avtobenzin va dizel yoqilg‘isi o‘rnatilgan tartibda ajratilishini ta’minlaydi.

15. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tugatilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi, Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasi, Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi, “O‘zsuvnazorat” respublika suv inspeksiyasi, “O‘zdavurug‘nazoratmarkaz” qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi, “O‘zstandart” agentligining “O‘zbekiston paxta mahsulotlarini sertifikatlash “Sifat” markazi” davlat korxonasi balansida turgan va ular tomonidan foydalanilayotgan binolar, inshootlar va boshqa moddiy-texnik qimmatliklar, shuningdek, ularning tegishli ma’lumot bazalari hamda reyestrlari Inspeksiya balansiga o‘tkazilishini ta’minlasin.

16. Inspeksiya Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Obinazir ko‘chasi, 109-uyda joylashtirilsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Inspeksiya, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Inspeksiya hududiy tuzilmalarining to‘laqonli faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida ularning joylashtirilishini, jihozlanishini tashkil etsin hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal etsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ikki oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Inspeksiya hamda uning hududiy bo‘linmalarining mebel, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va boshqa moddiy-texnik resurslarga bo‘lgan ehtiyojini o‘rgansin hamda jihozlanishini ta’minlasin;

Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalarini yuklatilgan vazifalarning yuqori hamda professional darajada bajarilishini ta’minlay oladigan malakali kadrlar bilan, shu jumladan tugatilayotgan tashkilotlar xodimlari orasidan to‘ldirilishini ta’minlasin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar asoslangan hisob-kitoblar bo‘yicha ajratilishini ta’minlasin.

19. Inspeksiya Davlat statistika qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, shuningdek, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axboroti yuborilishi shart bo‘lgan reyestrga kiritilsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 2018-yil yakunlari bo‘yicha mazkur qarorni amalga oshirish samaradorligini o‘rgansin hamda, zarurat bo‘lganda, Inspeksiyaning faoliyatini hamda tashkiliy-shtat tuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga takliflar kiritsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 10-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

22. 2018-yil 1-avgustdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 11-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

23. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

24. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 7-may