O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan telefon orqali muloqoti davomida faol va tizimli siyosiy aloqalarni davom ettirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni jadallashtirish, ishbilarmonlik va gumanitar tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

Vengriya Bosh vaziri mamlakatimiz yetakchisini kuni kecha bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari Prezident saylovida qozonilgan ishonchli g‘alaba bilan samimiy tabriklab, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Muntazam siyosiy maslahatlashuvlar yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning mart oyida Budapesht shahrida O‘zbekiston elchixonasi ochildi.

O‘zaro savdo hajmi oshib bormoqda. Bank-moliya bozoriga Yevropaning yetakchi «OTP» banki kirib keldi.

Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda. Investitsiyalar portfeli jami 1,5 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Telefon muloqoti chog‘ida Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida kooperatsiya loyihalarini tezlashtirish, gumanitar va ta’lim almashinuvlarini kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbir ishlab chiqish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.