O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Qozog‘iston rahbari O‘zbekiston yetakchisini Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, unga yangi muvaffaqiyatlar, farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi oshib bormoqda, muhim investitsiyaviy va gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yanada ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.