O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha respublika ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida qabul qilingan “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari haqida”gi qarorning ijrosi tahlil qilindi.

Respublika ishchi guruhi a’zolari ushbu masala bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalarini, shuningdek, fuqarolardan kelib tushayotgan taklif va tavsiyalarni muhokama qildilar.

O‘rganishlar jarayonida aholidan bu borada jamoatchilik nazoratini o‘rnatish zarurligi haqida asosli takliflar kelib tushgan. Tumanlarda istiqomat qiluvchilar hududlarning o‘ziga xos jihatlariga, to‘y-hasham va osh berish marosimlarida ishtirok etuvchilar soniga, to‘y marosimlarini o‘tkazish vaqtida kelin-kuyovni olib yuradigan yengil avtomashinalar miqdoriga alohida e’tibor qaratish lozimligi bildirildi.

Pullik avtotransport xizmati litsenziyaga ega bo‘lmagan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishiga, milliy urf-odat va an’analarni mensimaslik, shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilik holatlariga, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga putur yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablar ijro etilishini nazorat qilish zarurligi ta’kidlandi. To‘yxonalarning infratuzilmasini yaxshilash, masalan, avtotransport vositalarini saqlash joylarini barpo etish, kafe va restoranlarga yaqin hududda yashovchi aholining tinchligi va osoyishtaligini buzmaslik, ovoz darajasi uchun qoida va normalar belgilash, sanitariya-gigiyena qoidalariga, oziq-ovqat mahsulotlari sifat talablariga, xavfsizlikka rioya etish bo‘yicha aholidan kelib tushgan takliflar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda bildirilgan takliflardan kelib chiqib, ishchi guruh a’zolari hududlarga biriktirildi. Ularning zimmasiga hududiy ishchi guruhlar bilan birgalikda tegishli tashkilot vakillarini hamda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va to‘yxona egalarini jalb qilgan holda aholining fikr-mulohazalarini yanada chuqur o‘rganish va takliflarni muhokama qilish, shuningdek, mazkur masalaning televideniye, radio, hududiy bosma nashrlar orqali yoritilishini ta’minlash vazifasi topshirildi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan bu boradagi vaziyatni o‘rganish davom ettiriladi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA